O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlangan darslar o‘tildi
Davlatimiz rahbari huzurida ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir o‘tkazilgan navbatdagi taqdimot tadbirida ta’lim tashkilotlarida yosh avlodni milliy qadriyatlarga sodiq hamda vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida yangi tizim yo‘lga qo‘yilishi haqida aytib o‘tilgan edi.
Mazkur topshiriqqa ko‘ra, yurtimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari va maktablar uchun yagona bo‘lgan “Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning namunaviy ish rejasi” ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etildi. Unga ko‘ra joriy o‘quv yilidan boshlab bog‘cha va maktablarda belgilangan tartib asosida qator mavzular bo‘yicha ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda.

Xususan, barcha davlat, nodavlat bog‘cha va maktablarda haftaning har dushanba kuni “Kelajak soati” darslari o‘tila boshlandi. Ushbu darslar uchun soha olimlari, ekspertlar ishtirokida dars ssenariylari ishlab chiqildi hamda videokontent mahsulotlari tayyorlandi.
Ishlab chiqilgan metodik materiallar “milliytarbiya.uz (https://milliytarbiya.uz/)” milliy elektron platformasiga raqamli kontent shaklida joylashtirib borilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda “Kelajak soati” darslari uchun alohida kanal faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Mazkur mashg‘ulotlar davomida tarbiyalanuvchilar zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash, tafakkurini kengaytirish hamda ijtimoiy faolligini oshirishga yo‘naltirilgan faoliyatlarda ishtirok etmoqda.

Shuningdek, “Kelajak soati” bolajonlar va o‘quvchilarga yurt ravnaqi va kasb tanlovi haqida fikr yuritish, yangi g‘oyalarni o‘rganish imkonini bermoqda.
Joriy yilning 20 oktyabr kuni maktabgacha va maktab ta’limi vaziri, vazir o‘rinbosarlari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida poytaxtimizning qator maktablarida “Kelajak soati” darslari tashkil etildi.
21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu dars soatlari davomida o‘quvchilarga milliy qadriyatlarni o‘rganish, ular qalbida yurtga sadoqat tuyg‘ularini uyg‘otish bo‘yicha zarur ma’lumotlar berib o‘tildi.
N.Usmonova,
O‘zA