O‘zbek tili bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tdi
Sirdaryoda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yilligiga bag‘ishlangan bayram tantanalari Guliston shahridagi "Bilimdonlar maskani"dan boshlandi. Qator tashkilotlar, idoralar jamoalari, ta’lim muassasalari, ijod ahli, aholi vakillari, yoshlar ishtirokida o‘tgan tadbirda ona tilimiz mavqeini yuksaklarga olib chiqqan hazrat Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yilib, buyuk mutafakkir xotirasiga ehtirom ko‘rsatildi.
Bayram tadbiri viloyat Yoshlar markazining anjumanlar saroyida davom etdi. Qadriyatlar beshigi bo‘lgan ona tilimizni ulug‘lashga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar dasturi doirasidan, shuningdek, Sirdaryoning o‘tmishi va buguni aks etgan "Laylaklar o‘lkasi" nomli fotosuratlar ko‘rgazmasi va Sirdaryo viloyati tashkil etilganligining 60 yilligiga bag‘ishlab nashr etilgan uch jildlik "Sirdaryo tarixi ulug‘, buguni go‘zal, kelajagi yorqin diyor" kitobining taqdimoti o‘rin oldi.


Viloyat hokimining o‘rinbosari Bekzod Ismatov barchani ushbu sana bilan qutlab, viloyatning 60 yilligiga bag‘ishlab nashr etilgan uch jildlik kitob mualliflari, qolaversa, o‘zbek tilini yanada rivojlantirishga hissa qo‘shib kelayotgan soha fidoiylariga viloyat hokimligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tadbirda ona tilimizni madh etuvchi she’rlar yangradi. Viloyat maqomchilar ansambli tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar kechaga yanada fayz kiritdi.
Bayram tantanalari viloyatning barcha tumanlarida, mahallalarida ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Sh.Suyarov, Sh.Ortiqboyev,
O‘zA muxbirlari