O‘zbek tili bayrami keng nishonlandi
Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Toshkent viloyatida ham 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni keng nishonlandi. Xususan, Chirchiq shahrida tashkil etilgan bayram tadbirida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ziyolilar, yozuvchi-shoirlar, Ma’naviyat-ma’rifat markazining tuman-shahar bo‘limlari vakillari va yoshlar ishtirok etdi.
O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganining 32 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan tadbir qatnashchilari buyuk shoir, davlat arbobi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo‘ydi. Yosh ijodkorlar tomonidan ona tilimizni madh etuvchi she’rlar o‘qildi.
Marosimdan so‘ng “Kimyogarlar” madaniyat saroyida o‘tkazilgan ma’rfiy tadbirda Toshkent viloyati hokimi Davron Hidoyatov so‘zga chiqib, ona tilimizning jamiyat va xalq hayotida tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.
Ta’kidlanganidek, Prezidentimizning O‘zbek tili bayrami munosabati bilan xalqimizga bayram tabrigida ona tilimizni rivojlantirishga oid dolzarb masalalar ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgani, viloyatda o‘zbek tilining nufuzini yanada yuksaltirish, ayniqsa, yosh avlodni tarbiyalashda milliy qadriyatlarimizga alohida e’tibor qaratish muhimdir.
Tadbirda Davlat tili bo‘yicha ish yuritishni samarali yo‘lga qo‘ygan tuman va shahar xokimlari rag‘batlantirildi.

Maqomchi ansambli, san’at maktabining iqtidorli yoshlari, o‘zbek estrada xonandalarining chiqishlari bayramona kayfiyat bag‘ishladi.
A.Musayev, O‘zA