O‘zbek tafakkurining yuksalish yo‘li
Qadimgi Yunoniston jahon falsafasining markazi sanalsa-da, buyuk yunon mutafakkirlari o‘zlarining ilk qarashlarini shakllantirishda qadimiy Sharq, xususan, Turon zaminida yaratilgan tafakkur durdonalaridan bahra olgan.
Tafakkur ildizlari
Bu zamindagi fikriy yuksalishning ildizlari juda qadimga borib taqaladi. Hali yunon faylasuflari sahnaga chiqmasidan ancha avval bu hududda zardushtiylikning muqaddas kitobi “Avesto” orqali ezgulik va yovuzlik kurashiga asoslangan dunyoqarash shakllangan edi. Bu ta’limot insonning olamdagi o‘rni, uning axloqiy mas’uliyati haqidagi ilk falsafiy mushohadalardan biri edi. Qadimgi ajdodlarimizning tabiatning to‘rt asosiy unsuri – yer, suv, havo va olovni e’zozlashga asoslangan naturfalsafiy qarashlari ham borliqning ibtidosini anglashga bo‘lgan sof ilmiy intilish edi. Ushbu qarashlar nafaqat mintaqamiz, balki qo‘shni o‘lkalarga, jumladan, Qadimgi Misr va Bobil orqali Yunonistongacha yetib borgan. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, hatto Yunonistonning birinchi falsafiy maktabi hisoblangan Milet maktabi vakillari (Fales, Anaksimandr, Anaksimen) ham o‘z g‘oyalarini, xususan, olamning asosi moddiy substansiyadan iborat degan qarashni aynan Sharqdan olgani ehtimoldan xoli emas.
G‘oyalar chorrahasida
Turon qadimdan buyuk madaniyatlar va tafakkurlar chorrahasi bo‘lib kelgan. Makedoniyalik Aleksandr yurishlaridan so‘ng bu yerga yunon falsafasi va madaniyati kirib kelib, mahalliy qarashlar bilan o‘zaro ta’sirga kirishdi. Miloddan avvalgi asrlarda Kushonlar saltanati davrida mintaqamizga Hindistondan kirib kelgan buddaviylik ta’limoti va uning voqelik, ong va azobdan qutulish haqidagi falsafasi Samarqand, Buxoro, Termiz kabi shaharlarda yashovchi xalqlarning dunyoqarashiga ta’sir o‘tkazdi. Biroq “Avesto” g‘oyalari ham xalq xotirasidan butunlay o‘chmadi. Milodiy III asrga kelib esa bu zaminda tenglik g‘oyalarini ilgari suruvchi moniylik ta’limoti vujudga keldi. Keyinchalik u ijtimoiy adolatni talab qilgan mazdakiylar harakatining ma’naviy tayanchiga aylandi. Bularning bari ajdodlarimizning doimiy fikriy izlanishda bo‘lganidan, jamiyat va borliq muammolariga yechim izlaganidan dalolat beradi.
Turondagi ilk ilmiy uyg‘onish
Mintaqamizga islom dinining kirib kelishi bilan tafakkur tarixida yangi, yanada yuksak bosqich boshlandi. IX–XII asrlarda Turonda yuz bergan ilmiy-madaniy yuksalishni hech bir mubolag‘asiz birinchi Renessans deb atash mumkin. Bu davrda Bag‘dodda tashkil etilgan “Bayt ul-hikma” (Donishmandlik uyi) qadimgi yunon, hind va fors ilmiy merosini arab tiliga o‘girishning ulkan markaziga aylandi. Ammo bu jarayonda Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abbos ibn Said Javhariy kabi Markaziy Osiyolik qomusiy olimlar yetakchi o‘rin tutdilar. Ular yunon merosini shunchaki tarjima qilmadilar, balki uni tanqidiy tahlil qilib, yangi bilimlar bilan boyitib, butunlay yangi ilmiy yutuqlarga zamin yaratdilar.
Muso Xorazmiy algebra faniga asos solib, “algoritm” tushunchasini fanga kiritish orqali insoniyatga nafaqat yangi hisoblash usulini, balki muammolarni tartibli, mantiqiy izchillikda yechishning falsafiy tamoyilini taqdim etdi. Ahmad Farg‘oniyning astronomiyaga oid asarlari esa asrlar davomida Yevropada asosiy darslik vazifasini o‘tadi.
Bu davr falsafasining cho‘qqisi, shubhasiz, Abu Nasr Forobiy va Abu Ali ibn Sino kabi buyuk zotlarning nomi bilan bog‘liq. Aristoteldan keyin “Ikkinchi muallim” deya ulug‘langan Forobiy qadimgi yunon faylasuflari, ayniqsa, Platon va Aristotel qarashlarini chuqur o‘rganib, ularni Sharq tafakkuri bilan uyg‘unlashtirdi. Uning “Fozil odamlar shahri” asari jamiyatni adolat, bilim va ma’rifat asosida boshqarish haqidagi mukammal siyosiy-falsafiy ta’limotdir. Bu asar Platonning “Davlat” asariga o‘ziga xos javob va uning rivoji edi.
Shayx ur-rais Ibn Sino esa o‘z davrining barcha bilimlarini o‘zida mujassam etgan qomusiy dahodir. Uning falsafiy tizimi borliq, bilish, mantiq va ruh haqidagi ta’limotlarni o‘z ichiga oladi. Ibn Sinoning “Muallaq odam” nomli fikriy tajribasi G‘arb faylasufi Rene Dekartning “Fikrlayapman, demak, mavjudman” degan mashhur xulosasidan qariyb olti asr avval inson ongining tashqi sezgilardan mustaqil ravishda o‘z-o‘zini anglash qobiliyatini asoslab bergan edi. Bu tajriba orqali u sof tafakkurning mavjudligini isbotlashga uringan.
Bu davrning yana bir buyuk siymosi Abu Rayhon Beruniydir. U o‘z tadqiqotlarida mislsiz darajadagi xolislik va ilmiy vijdonni namoyon etgan. Beruniyning “Hindiston” asari boshqa xalqlarning madaniyati, urf-odatlari va diniy qarashlarini hech qanday taassubsiz, yuksak hurmat bilan o‘rgangan ilk qiyosiy madaniyatshunoslik namunasidir. Uning ilmiy uslubi bugungi kun tadqiqotchilari uchun ham ibrat namunasidir.
Shuningdek, bu davrda tasavvuf yoki botiniy ta’limotlar keng rivojlandi. Bu ta’limotlar voqelikni nafaqat aql va mantiq, balki ichki hissiy bilish, ya’ni kashf orqali anglash mumkinligini ilgari surgan. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u bilig” (“Saodatga eltuvchi bilim”) asarida esa davlatni boshqarish, adolat, aql va qanoat kabi falsafiy tushunchalar badiiy obrazlar orqali teran tahlil qilingan.
Sohibqiron davri va undan keyingi falsafiy meros
XIV–XV asrlarda Amir Temur va uning avlodlari saltanati davrida Turon yana bir bor ilm-fan va madaniy yuksalishning markaziga aylandi. Buni haqli ravishda ikkinchi Sharq Renessansi deb atash mumkin. Sohibqiron Amir Temur saltanat istiqboli uchun ilmning ahamiyatini chuqur anglagan holda o‘z davrining eng yetuk olimlari, me’morlari va hunarmandlarini Samarqandga jamladi.
Bu davrning eng yorqin namoyandasi Mirzo Ulug‘bekdir. Uning Samarqandda bunyod ettirgan rasadxonasi shunchaki osmon jismlarini kuzatish joyi emas, balki tajriba va kuzatuvga asoslangan aniq ilmiy bilimning tantanasi ramzi edi. Ulug‘bekning faoliyati ilm-fanning hukmdor darajasidagi homiyligi naqadar buyuk kashfiyotlarga yo‘l ochishini ko‘rsatdi.
Bu davrda falsafiy fikr asosan tasavvuf ta’limoti va nazm orqali rivojlandi. Sa’diddin Taftazoniy va Mir Sayyid Sharif Jurjoniy kabi mutafakkirlar mantiq va kalom ilmini yuqori pog‘onaga ko‘tardilar. Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ijodida esa inson, uning ma’naviy kamoloti, muhabbat va adolat kabi abadiy falsafiy mavzular yuksak badiiy mahorat bilan tarannum etildi. Navoiyning “Xamsa” asari insonparvarlik g‘oyalarining qomusi bo‘lib, unda komil inson va adolatli jamiyat orzusi ilgari surilgan.
Jadidlar: milliy o‘zlikni izlab
XIX asr oxiri va XX asr boshida Turkiston o‘lkasi chuqur ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan bir pallada sahnaga jadidlar chiqdi. Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abdurauf Fitrat, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonov kabi ma’rifatparvarlar millatni uyg‘otish, uni qoloqlikdan olib chiqishning yagona yo‘li ma’rifatda, deb bildilar. Ularning faoliyati mohiyatan yangi milliy falsafani yaratishga qaratilgan edi. Jadidlarning falsafasi ta’limni isloh qilish, yangi usul maktablari ochish, matbuot va teatr orqali ilg‘or g‘oyalarni targ‘ib qilish, ayollar tengligi va milliy o‘zlikni anglash kabi masalalarni o‘z ichiga olardi.
Fitratning “Oila” yoki “Rahbari najot” kabi asarlarida jamiyatning asosi bo‘lgan oilani sog‘lomlashtirish, yosh avlodni esa zamonaviy bilimlar va milliy ruhda tarbiyalash g‘oyalari chuqur falsafiy tahlil qilingan. Ular eskirgan tartiblarni tanqid qilib, taraqqiyot va yangilanishga chaqirdilar. Afsuski, ularning bu ezgu intilishlari sovetlar tuzumining qatag‘on siyosati tufayli ayanchli yakun topdi, millatning eng sara ziyolilari qurbon bo‘ldi.
Mafkuraviy qolipdagi falsafa
Sovetlar davrida o‘zbek falsafasi chuqur mafkuraviy inqirozga yuz tutdi. U hukmron kommunistik tuzumning, marksizm-leninizm ta’limotining xizmatkoriga aylantirildi. Har qanday milliy va mustaqil fikr “burjua millatchiligi” sifatida qoralandi. Yozuvning avval arabchadan lotinga, so‘ng kirillchaga o‘tkazilishi esa xalqni o‘zining ming yillik boy ilmiy va adabiy merosidan butunlay uzib qo‘ydi.
Shunga qaramay, akademik Ibrohim Mo‘minov, Vohid Zohidov, Muzaffar Xayrullayev kabi olimlarning sa’y-harakatlari bilan mafkuraviy tazyiqlar sharoitida ham falsafa tarixini, xususan, Markaziy Osiyo mutafakkirlari merosini o‘rganish bo‘yicha muayyan tadqiqotlar olib borildi. Ibrohim Mo‘minov Amir Temurning tarixdagi o‘rnini oqlashga urinib, bu yo‘lda jiddiy to‘siqlarga uchradi. Bu davrdagi tadqiqotlar asosan tarix falsafasi, mantiq, axloqshunoslik yo‘nalishlarida olib borildi, biroq ularning barchasi hukmron mafkura prizmasidan o‘tkazilar edi.
Yangi O‘zbekiston falsafasi: Uchinchi Renessans yo‘lida
O‘zbekiston mustaqillikka erishgach, milliy falsafa oldida uni mafkuraviy asoratlardan tozalash, boy tarixiy merosni qayta idrok etish va milliy taraqqiyotning falsafiy asoslarini ishlab chiqishdek muhim vazifalar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda boshlangan yangilanishlar davri bu sohaga yangi sur’at bag‘ishladi. Mamlakatda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish g‘oyasining ilgari surilishi mohiyatan yangi milliy falsafiy dasturdir.
Bugungi o‘zbek falsafasining asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat: Birinchidan, tarixiy-falsafiy merosni tanqidiy qayta baholash. Endilikda Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino, Beruniy, Ulug‘bek va Navoiy kabi daholar merosi nafaqat tarixiy yodgorlik, balki zamonaviy O‘zbekiston uchun dolzarb bo‘lgan g‘oyalar manbai sifatida o‘rganilmoqda. Ikkinchidan, milliy istiqlol g‘oyasini zamonaviy global chaqiriqlar nuqtai nazaridan qayta mazmunlantirish. Bunda ochiq, demokratik va huquqiy davlat, fuqarolik jamiyati qurish, inson qadrini ulug‘lash kabi tamoyillar falsafiy asoslanmoqda. Uchinchidan, globallashuv sharoitida milliy o‘zlikni saqlash muammosini tahlil qilish. Axborot xurujlari, “ommaviy madaniyat” ta’siri kuchayib borayotgan bir paytda yosh avlod ongida milliy qadriyatlarga sodiqlik va ayni paytda umuminsoniy yutuqlarga ochiqlik muvozanatini ta’minlash bugungi falsafaning eng dolzarb vazifalaridan biridir.
Xulosa qilib aytganda, o‘zbek xalqining falsafiy tafakkuri ming yillik uzluksiz, boy va murakkab yo‘lni bosib o‘tdi. U jahon tafakkuri rivojiga ulkan hissa qo‘shgan, bir necha bor yuksalish va tanazzullarni boshdan kechirgan. Bugungi kunda ushbu bebaho merosni chuqur o‘rganish, uni zamonaviy taraqqiyot talablari bilan bog‘lash va shu asosda kelajakka nazar tashlash – Yangi O‘zbekistonning ma’naviy yuksalishi va Uchinchi Renessansning mustahkam poydevoridir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA