O‘zbek navoiyshunosligining tarixiy yo‘li
Alisher Navoiyning poetik uslubi prinsiplarini nazariy asoslarda ilmiy o‘rganish O‘zbekistonda XX asr 30-yillarining ikkinchi yarmida ilk bor o‘zbek olimlaridan akademik Oybek, Maqsud Shayxzoda, Hodi Zarif asarlarida amalga oshirildi. Bu ilmiy jarayonga Ikkinchi jahon urushi yillarida qamaldagi Leningraddan O‘zbekistonga evakuatsiya qilingan rus olimlari Ye.E.Bertels, A.K.Borovkov ham o‘z hissalarini qo‘shdilar.
Akademik Oybekning 1936 yilda yozilib, 1961 yilda «O‘zbek tili va adabiyoti masalalari» jurnalining 1, 2, 5-sonlarida e’lon qilingan Navoiy g‘azaliyoti haqidagi ikki maqolasida shoir lirikasining asosiy mohiyati, poetikasining xususiyatlari sohasida fikr yuritiladi. Jumladan, muallif shoir poetik uslubini tahlil etar ekan, uning badiiy tasvir prinsiplariga alohida e’tibor beradi. Bir o‘rinda: «Navoiyning poeziyasi metaforikdir, – deb yozadi olim. – Navoiyning metaforalari aksar haqiqatan chuqur, original bo‘ladi. Umuman, Navoiyda so‘z yuqori narsalarga ishora qilishi kerak». Oybek Navoiy poeziyasining mazmun va badiiy shakl jihatidan xarakterli belgilarini qayd etadi.
Alisher Navoiy lirikasini nazariy jihatdan tadqiq etishda Maqsud Shayxzodaning ilmiy faoliyati ayniqsa diqqatga sazovordir. Olim «Navoiyning lirik qahramoni» nomli ilmiy ishi va shu sohadagi qator maqolalarida shoir lirik qahramoni xususiyatlari, uning g‘oyaviy intilishlari, shoir lirikasidagi badiiy tasvir prinsiplarini o‘rganish haqida mulohazalar bildiradi.
Shayxzoda ilmiy tekshirishlarining uslubiy asoslari Navoiy lirikasini nazariy o‘rganishning o‘ziga xos yetuk bosqichi sifatida ko‘zga tashlanadi. Navoiy poetikasini o‘rganish sohasida keyingi davrda chiqqan va chiqayotgan monografik tadqiqotlarda Shayxzoda ilmiy uslubining bevosita ta’siri borligi muhim ahamiyatga egadir. Zero, bu narsa o‘zbek adabiyotshunosligining zamonaviy jahon adabiyotshunosligi uslubiy asoslarida taraqqiy etishiga vosita bo‘lgan sabablardan biridir.
Navoiy poetikasi masalalarini maxsus o‘rganish Hodi Zarifning «Ruboiy», «Lutfiy va Navoiy» nomli maqolalarida tilga olinib, shoir lirikasining g‘oyaviy-badiiy mohiyati, o‘zbek poeziyasi an’analarining Navoiy she’riyati taraqqiyotida tutgan o‘rni kabi sohalarda jiddiy fikrlar bayon qilinadi.
Samarqand navoiyshunoslik maktabi asoschilari akademik Vohid Abdullayev va professor Abdurahmon Sa’diy tomonidan amalga oshirilgan katta ilmiy qimmatga molik tadqiqotlarda ham Navoiy lirikasi xususiyatlari, undagi original badiiy tasvir ko‘rinishlari, uning nazariy asoslari va adabiy ta’sir doirasi kabi masalalarga ahamiyat beriladi.
O‘zbek adabiyotshunosligi va adabiy tanqidchiligining 60-yillardan bugungi kunlargacha bo‘lgan faoliyati Navoiy lirikasi masalalarini poetika ilmining nazariy asoslari, spetsifik qonuniyatlari nuqtai nazaridan ilmiy o‘rganishning hajm va ilmiy salohiyat, salmoq jihatidan yuksak taraqqiyot bosqichiga chiqayotganligidan guvohlik beradi.
N.Mallayevning «O‘zbek adabiyotida g‘azal va uning rivojida Navoiyning roli», «Navoiy lirikasi», akad. V.Zohidovning «Ulug‘ shoir ijodining qalbi», A.Abdug‘afurovning «Navoiy ijodida satira», shuningdek, M.Yunusov, E.Rustamov, O.Nosirov, I.Haqqulov, Sh.Sharipovlarning monografik tadqiqot va maqolalari shoir lirik merosini turli yo‘nalishda tekshirishga bag‘ishlanadi.
B.Valixo‘jayevning Navoiy lirikasi badiiyati xususiyatlari va shoir san’atkorligi ko‘rinishlariga bag‘ishlangan «Mumtoz siymolar», «Alisher Navoiy she’riyati» nomli asarlari va bir qator maqolalarida, M.Muhiddinovning adabiy aloqa va o‘zaro ta’sir masalalari aspektidagi «Alisher Navoiy va uning salaflari ijodida inson konsepsiyasi» nomli doktorlik dissertatsiyasida, R.Orzibekovning «O‘zbek lirik poeziyasida g‘azal va musammat» nomli monografiyasida shoir poetikasiga aloqador muhim masalalar tahlil etiladi.
Respublikamiz o‘z mustaqilligini qo‘lga kiritgandan so‘ng, buyuk mutafakkir ilmiy-badiiy merosining shu kungacha tadqiq etilmagan qirralarini ochib berishga e’tibor kuchayib ketdi. I.Haqqulov, S.Olimov kabi adabiyotshunos olimlarning bu sohadagi faoliyatlari diqqatga sazovordir. I.Haqqulov Navoiyning falsafiy-tasavvufiy dunyoqarashi, ilohiyotga munosabati, asarlaridagi teran ma’rifiy ma’no-mazmun, timsollar va ramzlar haqida qator monografiya, risola va ilmiy maqolalar yozdiki, bu hodisa navoiyshunoslik fanining o‘ziga xos yangi yo‘nalishdagi taraqqiyotiga sabab bo‘ldi.
Navoiy poetikasining asosiy xususiyatlari, undagi obrazlar tizimi, badiiy tasvir usullari, lirik janrlar rivojiga taalluqli sistemali ravishdagi izchil tadqiqotlar A.Hayitmetovning «Navoiy lirikasi» va Yo.Ishoqovning «Alisher Navoiy ilk lirikasi», «Navoiy poetikasi» kabi monografiyalari va qator maqolalarida tahlil etildi va bu narsa Navoiy lirikasini poetikaning o‘ziga xos tizimi qonuniyatlari nuqtai nazaridan ilmiy-uslubiy yo‘nalishda o‘rganishni boshlab berdi.
«Navoiy lirikasi» asarida A.Hayitmetov Alisher Navoiy lirikasining tur xususiyatlari, tematikasi va asosiy obrazlarini tadqiq etadi. Muallif shoir lirikasining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari, uning sharqona lirik an’analarga munosabati masalalarini batafsil muhokama etadi. A.Hayitmetov «Alisher Navoiyning ijodiy metodi masalalari», «Navoiy dahosi» monografiyalarida ham shoir lirikasi va ijodiy uslubining bir qator muhim xususiyatlari, uning lirik asarlarida ijodiy uslub ifodasi mavzuiga diqqatini jalb etadi.
Yo.Ishoqov birinchi bo‘lib Navoiy lirikasining badiiy evolyutsiyasini bosqichma-bosqich, uning ilk davridan balog‘at bosqichiga yetgunga qadar namoyon bo‘ladigan xususiyatlarini, shu bosqichlar orasidagi umumiy bog‘lanishni o‘rganish maqsadida shoirning «Ilk devon»iga murojaat qiladi. «Ilk devon»ning, uning asosida Navoiy ilk lirikasining maxsus o‘rganilishi shoir ijodiy mahoratining tadrijiy takomili, san’atkorligi va g‘oyaviy dunyoqarashining o‘ziga xos o‘zgarishlari, kamolot bosqichiga yetish jarayonini kuzatishga imkon beradi.
Olim o‘zining keyingi asari «Navoiy poetikasi»da lirik janrlar va badiiy tasvir poetikasi xususiyatlarini muhokama etadi. Bu asar Navoiy poetikasini o‘rganish sohasidagi keyingi tadqiqotlar uchun o‘ziga xos tayanch manba bo‘lib ham xizmat qiladi. Chunki, o‘zbek lirik poeziyasining janr jihatidan boyib, mukammal holga kelishida Navoiy g‘azaliyotining o‘rni va roli masalasi, shoir poetikasining ichki spetsifik qonuniyatlari va poetik uslubining originalligini ta’minlovchi asosiy omillar bu asarda izchil tahlil etilgan.
Alisher Navoiy lirikasi masalalarini yangicha yo‘nalishda, o‘ziga xos ilmiy nuqtai nazardan tadqiq etish XX asr 90-yillarida A.Abdug‘afurov tomonidan yo‘lga qo‘yildi. Olim Navoiy lirik devonlarining yaratilish davrlarini aniq belgilash, devonlarga kirmay qolgan she’rlarni aniqlash yuzasidan kuzatuvlar olib borish, devonlar debochalarida namoyon bo‘lgan buyuk shoirning o‘ziga xos badiiy tasvir uslubini ochib berish, shu nuqtai nazarlardan Navoiyning o‘zidan keyingi shoirlar ijodiga bo‘lgan ta’sirini tekshirish kabi masalalarni tadqiq etishni maqsad qilib qo‘yadi. «Badoye’ ul-bidoya», «Xazoyin ul-maoniy» devonlarining tartib berilish sanalari jiddiy ilmiy dalillar asosida aniqlanishi olimning navoiyshunoslik fani rivoji uchun amalga oshirgan muhim xizmatlaridan biridir. Shuningdek, Navoiy qalamiga mansub bo‘lib, boshqa shoirga nisbat berilgan she’rlar, shoir ijodiga nisbatan bo‘lgan e’tiborsizlik natijasida yuzaga kelgan chalkashlik, xatoliklarga ham olim birinchilardan bo‘lib ochiq munosabat bildiradi.
Ulug‘ shoir she’riyatidagi badiiy san’atlar, ularning xususiyatlari, istiloh va ta’riflari va shu bilan bog‘liq juda ko‘p masalalarni alohida mavzu sifatida o‘rganish lozimligini “G‘azal mulkining sultoni” nomli maqolasida Maqsud Shayxzoda ta’kidlab aytgan edi. Taniqli olim A.Rustamov ustoz olim belgilab ketgan bu sohada qimmatli tadqiqot yaratdi. U Navoiy asarlari badiiyati sirlarini chuqur o‘rganib, “Navoiyning badiiy mahorati” nomli kitob yozdi va unda “Navoiyning badiiy vositalari”, “Navoiyning qofiya va sa’jlari”, “Navoiyning vaznlari” nomli sarlavhalar ostida shoir mahorati, ijodining badiiy yetukligi asoslarini chuqur tadqiq qilib berishga muyassar bo‘ldi.
Alisher Navoiyning adabiy-estetik qarashlari taniqli olim H.Qudratullayev ilmiy ishlarida o‘zining keng va batafsil ifodasini topdi.
Zamonaviy navoiyshunoslikda M.Imomnazarovning alohida o‘rni borligini ta’kidlash zarur. Olim Alisher Navoiy asarlari konkordansining ilmiy va uslubiy tadqiqi bo‘yicha o‘ziga xos yo‘nalishini yaratgan. Unda qayd etilishicha, 1967-1990 yillar (24 yil) davomida Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid 107 ta alohida kitob va risolalar, turli nashrlarda shoir ijodidan 230 ta namunalar va 2418 ta maqola e’lon qilingan. O‘z-o‘zidan bu qadar katta hajmdagi ishlarda Alisher Navoiy merosi talqinida o‘xshash va farqli jihatlar bo‘lishi tabiiy ekanligini qayd etadi olim.
Navoiyshunos olim Sh.Sirojiddinovning “Alisher Navoiy. Manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” nomli monografiyasida 20 dan ortiq mualliflarning asarlarida buyuk o‘zbek mutafakkiri va shoirining hayoti hamda faoliyatiga baho berilgani ta’kidlanadi. Monografiyada keltirilgan asarlarning aksariyati fors tilida yozilgan bo‘lib, ulardan, Navoiy qalamiga mansub shaxsiy qaydlardan tashqari, faqat ikkitasi turkiy tilda bitilgan. Bular – Husayn Boyqaroning “Risola” hamda Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlaridir.
Navoiyshunoslik fanining mustaqillik yillarida yangi milliy mafkuraviy dunyoqarash va ilmiy-tadqiqot mezonlari doirasida taraqqiy etishida navoiyshunos olima D.Salohiyning ham xizmatlari bor. Uning buyuk shoirning badiiy-estetik va ijtimoiy-falsafiy qarashlarini ifoda etgan devonlariga bag‘ishlangan tadqiqotlari adabiyotshunoslik uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Olima «Navoiyning she’riy uslubi masalalari” nomli monografiyasida shoir poetik uslubining tadrijiy takomiliga bog‘liq masalalarni atroflicha yoritib beradi.
Navoiyshunosligimizning keyingi davri vakillari ham navoiyshunoslik she’rshunosligi sohasida o‘zlarining bir qator izchil ilmiy tadqiqotlarini yuzaga keltirdilar. Shoir devonlari manbalari, tekstologiyasi va germenevtik talqinlari sohasida A.Erkinov, shoir lirikasi tasavvufiy talqinlari xususida K.Mullaxo‘jayeva, D.Yusupova, Z.Mamadaliyeva, N.Bozorova, N.Bekova, M.Rajabova, O.Davlatov, Z.Hamidova, A.Razzoqov, N.Ramazonov, M.Asadovlar o‘zlarining qimmatli tadqiqotlarini yaratdilar.
Navoiy nazmiyotini o‘rganishning mazkur xronologiyasi nazariy nuqtai nazardan amalga oshirilgan asarlar yuzasidan bo‘lib, bu sohadagi matnshunoslik, ya’ni shoir lirik merosining ilmiy-tanqidiy matnini yaratish maqsadida olib borilgan tadqiqotlar ham katta ahamiyatga egadir.
O‘zbekistonda o‘zbek navoiyshunosligi katta ilmiy-ijodiy rivoj va muvaffaqiyat bilan davom etmoqda.
Isroil Sulaymonov,
Samarqand davlat universiteti
dotsenti, filologiya fanlari doktori