O‘zbek filmlarining Qirg‘izistondagi e’tirofi
Qirg‘izistonning Bishkek shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Ak Ilbirs" kino mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan “Yakshanba” filmi aktrisasi Roza Piyazova "Markaziy Osiyoning eng yaxshi aktrisasi" nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Shuningdek, taniqli rejissyor, ssenarist va kino ustasi Elyor Eshmuhamedov "Jahon kinematografiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun" mukofoti bilan taqdirlandi.

Elyor Ishmuhamedov o‘zining kino durdonalari bilan nainki O‘zbekistonda, balki chet elda ham ko‘pchilikning e’tirofiga sazovor bo‘lgan. Ijodkor faoliyati davomida “Mehribonlik”, “Alvido, g‘o‘r yoshligim”, “Hayotning boshlanishi”, “Sevishganlar”, “Orzularimiz qanotida”, “Sevishganlar 2”, “Shok” kabi ko‘pchilikning qalbidan o‘rin egallagan filmlarni yaratgan.

Ma’lumot uchun aytish kerakki, Qirg‘izistonda o‘tgan xalqaro kinofestivalda o‘zbek kinosi kunlari ham tashkil etildi. Uning doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan "Abdulla Oripov", “Sabot” va "O‘zbek qizi" filmlari qirg‘izistonlik tomoshabinlar uchun namoyish qilindi.

N.Usmonova, O‘zA