O‘zbek ayoliga dunyo e’tirofi
Farg‘ona viloyati “Quva anori” agrofirmasi rahbari Masturaxon Sayfutdinova BMTning oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan “Agrooziq-ovqat tizimlari va qishloqlarni rivojlantirishdagi 100 nafar qahramon ayol” safidan o‘rin oldi. Bu O‘zbekiston ayollarining qishloq xo‘jaligi sohasi va qishloq jamoalarini rivojlantirishdagi muhim rolini ko‘rsatuvchi ajoyib yutuqdir.
131 mamlakatdan bo‘lgan 600 dan ortiq nomzodlar orasida Masturaxon Sayfutdinova agrooziq-ovqat tizimlari va qishloqlarni rivojlantirish, turmush sharoitlarini yaxshilashga qo‘shgan hissasi, shuningdek, yetakchiligi, fidoyiligi va innovatsion yondashuvlari uchun e’tirofga sazovor bo‘ldi.
– «Sizning yetakchiligingiz, fidoyiligingiz va erishgan natijalaringiz dunyo bo‘ylab yig‘ilgan eng sara nomzodlar ichida haqiqatan ham betakror va hayratlanarlidir», — deyiladi BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti bosh direktori Syuy Dun’yuyning yurtdoshimizga yozgan maktubida.
– Hozir “Farg‘ona anorchiligi” agrofirmasi MCHJda 300 gektar anor plantatsiyalari yaratildi. Fermerlar qaramog‘iga berilgan avvalgi anorzorlar esa 1000 gektardan oshiq edi, – deydi Mastura Sayfutdinova. – Bundan tashqari, Surxondaryo viloyatida muhtaram Prezidentimiz topshiriqlari asosida 5000 gektar yangi anor plantatsiyalarini tashkil etdik.
BMTning meni dunyoning 100 nafar qahramon ayoli safiga kiritishi O‘zbekiston Prezidentining amalga oshirayotgan islohotlari natijasi va ayol tadbirkorlarga yaratgan sharoiti tufaylidir.
Taqdirlash marosimi 12-16-oktabr kunlari Italiyaning Rim shahridagi FAO qarorgohida Butunjahon oziq-ovqat forumining asosiy tadbirida bo‘lib o‘tadi.
Muhammadjon Obidov,
O‘zA