O‘zbegu qirg‘izning do‘stlik bayrami (+video)
U qaysi millat, xalq bo‘lmasin, boshqa xalqlar bilan totuv hamda hamkorlikda yashasagina tinch-xotirjam, baxtiyor kelajakka erishadi. Ayniqsa, Turon zamin xalqlariga bugungidek birdamlik muhim.
Chunki so‘nggi asrlardagi geopolitik, millatchi siyosat ularni bir-biridan ayro qilish, uzoqlashtirishga harakat qildi. Bugungi Yangi O‘zbekiston esa barcha to‘siqlarni ochib tashladi va bag‘rikenglik, birodarlik siyosati bayroqdori bo‘ldi.

Qobiljon Cho‘ttiboyev va Boqijon Qurbonov aslida bir ariqning ikki tomonida aka-ukadek o‘sib ulg‘aydilar. Lekin shunday kunlar ham bo‘ldiki, o‘rtaga simto‘siqlar qo‘yildi. Kunda- kunora bir-biridan xabar oladigan do‘stlarni yillar davomida ikki yoqlama chegara ajratib turdi. Mana endi, yana hammasi joyiga qaytdi. To‘y-ma’raka, bayram-u tadbirlar bir-birisiz o‘tmaydi.

Bugun Farg‘ona tumanidagi chegaraoldi Yuqori Vodil mahallasida Ramazon hayitiga hozirlik ko‘rishmoqda. Mahallaning katta-kichigi yig‘ilgan. Unda Yapog‘i qishlog‘idan bir guruh qirg‘iz birodarlar ham ishtirok etishdi.

¬– Qirg‘iz maktabini bitirib ishlayapman. Barcha millatlar do‘st-birodar, teng sharoitlar yaratilgan. Ulus ajratishlar yo‘q, – deydi Yapog‘i qishlog‘idan bo‘lgan Mamaro‘zi Jumayev.
O‘zbek-qirg‘iz bir daraxtning yaproqlari kabi ahil-inoq. Bugungi bayramga ham ikki millatning katta-yu kichigi birdek hozirlik ko‘rdi. Hunarmandlar tikkan kashtalardan to kitob ko‘rgazmasigacha ko‘z-ko‘z qildilar. Sport musobaqalari o‘tkazildi. Xalqona laparlar aytilib, davrani qizitishdi. Chunki ular, o‘zbegu qirg‘iz kechagi zaxmatlarni unutishmagan va bugun yaratilgan imkoniyatlardan minnatdor.

– Ilgari qo‘shni Qirg‘izistonga qarindosh-urug‘lar o‘rtasida bordi-keldi juda ham qiyin edi, – deydi Farg‘ona viloyat qirg‘iz milliy- madaniy markazi rahbari Nargiza Haniboyeva. – U yoqqa kelin bo‘lib tushgan yoki O‘zbekistonga kelin bo‘lgan qizlar ota-onalarini uzoq vaqtgacha ko‘rolmagan. Hattoki, to‘y-ma’rakalarda ham ishtirok etish qiyin edi. Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan ohirgi yillar oralig‘ida ID karta bilan borib qarindoshlarni ko‘rib kelyapmiz.
<iframe width="791" height="445" src="https://www.youtube.com/embed/KECi_6VaQ-w" title="Oʻzbegu qirgʻizning doʻstlik bayrami" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Tadbirda so‘zga chiqqanlar bunday dorulomon zamonlar ikki davlat rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli kelganini alohida ta’kidladilar.
Yuqori Vodil mahallasidagi do‘stlik bayrami Farg‘ona tumanining chegaraoldidagi barcha qishloq va mahallalarida davom etmoqda.
Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(surat, video),
O‘zA muxbirlari