O‘zaro ishonch, ma’rifat, hamjihatlikka asoslangan tashabbus
Azaldan donishmand Sharq ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatni, komil inson g‘oyasini ilgari surib kelgan.
Jahon tamadduniga beshik bo‘lgan tabarruk zaminimizdan yetishib chiqqan allomalar, ularning benazir asarlari hamisha bashariyatning diqqat-e’tiborida bo‘lgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida ilgari surgan taklifi va tashabbusi asosida tashkil etilgan "Markaziy Osiyo – sivilizatsiyalar chorrahasida" mavzusidagi xalqaro forumda ayni jihatlarga e’tibor qaratildi. Xiva shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamda YUNESKO ko‘magida tashkil etilgan mazkur xalqaro forumning yuksak saviyada o‘tkazilishida Turizm va sport vazirligi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha butunjahon jamiyati, Madaniyat vazirligi va boshqa tashkilotlar munosib hissa qo‘shdi.
Xivada bo‘lib o‘tadigan mazkur forum ko‘plab xorijiy davlatlarning olimlari, sharqshunoslari, noshir va muzeyshunoslarini, san’atshunoslarini o‘z atrofida birlashtirdi. Madaniy meros, tashkil etilayotgan yirik loyihalar haqida chet elliklar fikri bilan qiziqdik.
Milosh Lukas,
"Clobal Digital Heritage" kompaniyasi texnik direktori:
–- O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlari mazkur forum misolida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. O‘zi umuman bu zamindan yetishib chiqqan allomalarning merosi har qancha o‘rganishga arziydigan merosdir. Shu ma’noda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida o‘tkazilayotgan bunday yirik tadbir milliy merosga, ilm-fanga bo‘lgan katta e’tibordan darak beradi. Biz 3 D formatda yurtingizdagi qo‘hna obidalar tasvirini yaratishga muvaffaq bo‘ldik. Axborot texnologiyalarining eng so‘nggi yutuqlari tatbiq etilgan bu loyiha hozirgi sharoitda odamlarga uydan chiqmagan holda qo‘hna Samarqandning betakror obidalari bilan tanishishga imkon beradi.
Sergey Laptev,
Yaponiyaning Miho muzeyi maxsus tadqiqotchisi:
– Hozir butun dunyoda kechayotgan o‘ta murakkab pandemiya sharoitida O‘zbekiston rahbariyati tomonidan bunday yirik forumlar, umuman madaniy merosga oid haftalikning tashkil etishi, unda olimlar gibrid tarzida qatnashishi uchun keng imkoniyat yaratilishi mamlakatingizda madaniy merosni o‘rganish, asrab-avaylashga bo‘lgan amaliy e’tiborga shaxsan Prezident Shavkat Mirziyoyev bosh-qosh bo‘layotganini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Biz Tokio texnologiya universiteti olimlari bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi qadimiy obidalar koshinlaridagi sopol sirti tarkibini tadqiq etishga harakat qilmoqdamiz. Imkoni qadar obidalarga maksimal darajada zarar yetkazmasdan izlanish olib borishga harakat qilayapmiz. Mazkur ilmiy izlanishlar obidalar umrini uzaytirishga oid yangiliklar yuzaga kelishiga turtki beradi.
Yermal Bega,
Albaniya Sharqshunoslik markazi ijrochi direktori:
– Sharqning mumtoz tarixi, madaniy merosi dunyo olimlarini doim qiziqtirib kelgan. Chunki uni o‘rgangan sari yangi-yangi qirralari ochilib kelaveradi. Mening soham ham
Sharq qadimiy qo‘lyozmalarini chuqur tadqiq etishga bag‘ishlandi. Nazarimda, bugungi kunda insoniyat faqat bir-biriga ishonch, tushunish, o‘zaro muloqot, ma’rifatga intilish orqaligina turli tahdidlarga qarshi birgalikda kurasha oladi. O‘zbekiston rahbariyatining bu kabi ma’rifiy anjumanlarni o‘rganishga oid tashabbusi zamirida aynan shunday ezgu maqsad mujassam.
O‘zA muxbiri Nazokat Usmonova yozib oldi.