Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti ajdodlarimiz xotirasiga hurmat ko‘rsatdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.
Oliy martabali mehmon rafiqasi bilan 23-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Yangi O‘zbekiston bog‘iga tashrif buyurib, Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘ydi.

Mustaqillik monumentida mamlakatimizning ko‘p asrlik tarixi, ozodlik va bunyodkorlik ruhi, ilm-ma’rifat va taraqqiyot yo‘lida xizmat qilgan buyuk ajdodlarimiz siymosi aks etgan.

Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yar ekan, Vatan ozodligi, el farovonligining yorqin ifodasi sifatida mag‘rur qad rostlagan majmua qoshida ramziy bosh egdi.



Oliy martabali mehmon yurtimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy-ma’rifiy merosi, jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini e’tirof etib, ehtirom ko‘rsatdi.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
Otabek MIRSOATOV(surat),
O‘zA