Ozarbayjon madaniyati kunlari boshlandi
“O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida O‘zbekiston Respublikasida Ozarbayjon madaniyati kunlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Shu munosabat bilan mazkur muhtasham saroyga keng jamoatchilik vakillari, adabiyot, san’at namoyandalari, milliy madaniyat markazlarining faollari, ijodkor yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda Ozarbayjon madaniyati kunlari ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘qib eshittirdi.
Tantanali tadbirda ta’kidlanganidek, ikki qardosh xalq o‘rtasidagi do‘stlik, birodarlik rishtalari ko‘p asrlik tarixga ega. Keyingi yillar davomida mamlakatimiz hamda Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik, hamkorlik, qondoshlik, qardoshlik rishtalari tobora mustahkamlanib, yangicha taraqqiyot bosqichiga qadam qo‘ydi.
[gallery-17794]
Bunda ikki davlat rahbarlari - O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning tashabbuslari, siyosiy irodasi hamkorlikning yangi ufqlarini belgilab bergani shubhasizdir.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent shahrida o‘tgan yili Ozarbayjon umummilliy lideri Haydar Aliyev tavalludining 100 yilligi keng nishonlandi. Qardosh xalq millat yetakchisi xotirasiga bag‘ishlab tantanali tadbirlar, kitoblar taqdimoti, ko‘rgazmalar yuksak saviyada bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, Ozarbayjon Respublikasida ham O‘zbekiston madaniyati, ilm-fani kunlari baland ruhda o‘tkazildi.
Endilikda o‘zbek yozuvchi va shoirlar kitoblarining qardosh yurtdagi taqdimoti, rassomlarimiz ko‘rgazmalari, konsertlari Ozarbayjonda muntazam ravishda o‘tkazilmoqda.
Mamlakatimizda qardosh xalqning madaniyati va san’atiga o‘zgacha hurmat va ehtirom bilan munosabatda bo‘linadi. Ozarbayjon xalqining adabiyoti, san’ati yuksak qadrlanadi.
Ikki qardosh yurtning ziyolilari madaniy-ma’rifiy aloqalarni tobora mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqdalar. Yurtimizda boshlangan Ozarbayjon madaniyati kunlari buning yana bir amaliy ifodasidir.
Uch kun davomida poytaxtimizda adabiy uchrashuvlar, kitob taqdimotlari, spektakl namoyishlari, madaniy-ma’rifiy dasturlar, ko‘rgazmalar, taqdimotlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.
Ochilish marosimida qardosh xalqning san’at ustalari va ijrochi yoshlari, yetakchi badiiy jamoalari ijrosida katta konsert dasturi namoyish etildi.
Qardoshlarimizning betakror, g‘oyat zavqli va go‘zal musiqiy dasturi o‘zbekistonlik san’at muxlislariga manzur bo‘ldi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA