“O‘zagrosug‘urta” mijozlari ishonchini oqlayapti (+video)
O‘zbekiston milliy matbuot markazida “O‘zagrosug‘urta” AJ faoliyatining 2023 yil sarhisobi hamda 2024 yil birinchi chorakdagi yutuqlari va kamchiliklari tahliliga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda jamiyat tomonidan o‘tgan yilda aholi o‘rtasida sug‘urta xizmatlarining sifati va ko‘lamini oshirish, ularning yangi turlarini joriy qilish borasida qilinayotgan ishlar haqida axborot berildi. Aytildiki, ushbu davrda mijozlar uchun 26 turdagi onlayn sug‘urta xizmatlari taqdim etilgan.
Jamiyatning sug‘urta bozoridagi ijobiy imidjini mustahkamlash, yangi mijozlarni jalb qilish maqsadida 2023 yilning 1 oktyabridan 2024 yil 1 fevraliga qadar “Omadli sug‘urta” nomli aksiyasi o‘tkazildi. Aksiya g‘oliblariga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Jamiyatda tizimni raqamlashtirish borasida ham izchil ishlar olib borildi. Xususan, “Uzagros Online” yagona elektron axborot tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi. Endilikda kompaniyaning barcha turdagi hujjatlari aylanmasi shu tizimda aks etmoqda.
2023 yilda “O‘zagrosug‘urta”ning ta’minlangan sug‘urta mukofotlari 393 mlrd 152 mln so‘mni tashkil qildi. O‘sish ko‘rsatkichi 2022 yilga nisbatan 121,6 foiz yoki salkam 70 mlrd so‘m ko‘p sug‘urta mukofotlari ta’minlandi.
Rasmiylashtirilgan sug‘urta shartnomalari bo‘yicha olingan majburiyat hajmi 180 trln 423 mlrd 68 mln so‘mni tashkil qildi. Olingan majburiyatlar doirasida mijozlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida 50 mlrd 469 mln so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/OPGBla3dIeQ?si=s8SfSryH1Iom6DJ4" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>2024 yilning birinchi choragida 55,2 mlrd so‘m sug‘urta mukofotlari ta’minlandi. Chorak davomida jami 104 774 ta sug‘urta shartnomalari tuzilib, 25,8 trln so‘m sug‘urta javobgarligi olindi va jami 15,3 mlrd so‘m sug‘urta tovoni to‘lab berildi.
Jamiyatning qishloq xo‘jaligiga oid sug‘urta xizmatlari Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga joylashtirildi. Bu bilan fermer va dehqon xo‘jaliklari yetishtiradigan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari uchun ajratiladigan kredit qaytmasligi xatarini sug‘urtalash imkoni yaratildi.
Mijozlarning yo‘l transport hodisasi bilan bog‘liq holatlarda zararlangan avtotransport vositalarini ta’mirlab berish yuzasidan hududiy avtoservislar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Natijada yetkazilgan xaqiqiy zararni aniqlash va zararlangan avtotransport vositalarini sifatli ta’mirlash ishlarini tashkil etish imkoni yaratildi.
“O‘zbekiston — 2030” strategiyasining “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalarning jamiyat faoliyatiga daxldor 15 ta yo‘nalish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirilmoqda va bu haqida ham anjumanida atroflicha ma’lumot berildi.
Matbuot anjumani qizg‘in bahs-munozalar asosida o‘tdi va jurnalistlarni qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob qaytarildi.
Sanjar Toshpo‘latov, Doniyor Yakubov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA