O‘z sohasida yuqori marralarni ko‘zlagan Muxriddin
Zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz ko‘zlangan marraga erishib bo‘lmaydi. Shuning uchun ham mamlakatimizda keyingi yillarda o‘g‘il-qizlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishlari uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratib berilmoqda.
“El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati Muxriddin Musayev “Science Shadow” dasturida ishtirok etdi. Dastur davomida Muxriddin “Komatsu” kompaniyasida bo‘lib, og‘ir va yirik texnikalar ish jarayonini o‘rgandi va kompaniyaning yangi loyihalari hamda zamonaviy dasturiy ta’minotlari bilan yaqindan tanishdi.
Ushbu dastur orqali yuqori malakali mutaxassislar bilan muloqot qilish, ularning bilim va tajribasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Qayd etish lozimki, "Science Shadow" dasturi kelajakdagi ilmiy kashfiyotlarga va texnologik yutuqlarga asos bo‘ladigan nufuzli o‘quv va tajriba almashish platformasidir. Ushbu dastur yosh olimlar va muhandislarni ilm-fan va sanoat sohalarida tajriba orttirishga ko‘maklashadi. Mazkur dastur o‘z sohasida yuqori cho‘qqilarni zabt etishni maqsad qilgan yoshlar uchun noyob imkoniyat hisoblanadi.
Stipendiatimiz tashkilotchilar tomonidan alohida diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi hamda o‘z bilim va tajribalarini yanada yuksaltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA