O‘z sohasida katta muvaffaqiyatga erishgan tadbirkor va ekspert ayollar qizlar bilan uchrashdi
Yoshlar ijod saroyida Yoshlar ishlari agentligi va “Qizlar akademiyasi” bilan hamkorlikda "“QizlarFest” — 2026” festivali bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni, ularning ta’lim olishi va kasb-hunar egallashi davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Shu bois, mamlakatimizda qizlarning salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularni zamonaviy bilimlar va biznes olamiga yo‘naltirishga qaratilgan qator yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Ana shunday ezgu tashabbuslardan biri u minglab xotin-qizlarni birlashtirgan “QizlarFest” festivali bo‘ldi.

Xotin-qizlarni zamonaviy kasblar, biznes, sog‘lomlashtirish, psixologik va huquqiy yo‘nalishlarda qo‘llab-quvvatlash hamda ular uchun o‘zaro tajriba almashish imkonini yaratish maqsadida tashkil etilgan tadbirda 5 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashdi.
Festival doirasida taklif etilgan spikerlar shaxsiy rivojlanish va tadbirkorlikka ilk qadam mavzularida mahorat darslarini o‘tkazib, ishtirokchilar bilan o‘z bilim va tajribalarini bo‘lishdi.

Shuningdek, “Qizlar akademiyasi” jamoasi va festival homiylari tomonidan ishtirokchilarga turli sovg‘alar topshirildi.
Tadbirda qayd etilganidek, bu tashabbuslar qizlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, yangi imkoniyatlarni kashf etish hamda o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarishiga xizmat qildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA