O‘z hunaridan zavq olgan Shahodat
Buxoro shahrida xotin-qizlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb qilish maqsadida samarali ishlar olib borilmoqda. Hozirgi kunda hunar o‘rganib, tikuvchilik, kasanachilik, ko‘rpa qavish, kiyim-kechaklar tikish bilan shug‘ullanib kelayotgan xotin-qizlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Ular orasida milliy qo‘g‘irchoqlar yaratish boshqalardan ajralib turadi.
Bahouddin Naqshband mahallasi Amir Temur ko‘chasida yashovchi Shahodat Nazarboyeva ushbu hunar hadisini olgan. Buxoro davlat universiteti 2-bosqich talabasi Shahodat milliy qo‘g‘irchoqlar tikishni boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi. Hozirda u tomonidan tikilgan qo‘g‘irchoqlar ko‘pchilikka manzur bo‘lib, o‘z xaridorini topgan. Dastlab qiziqish uchun tikilgan qo‘g‘irchoqlar hozirda daromad keltirmoqda. U ayni paytda buyurtma asosida turli o‘lchamdagi qo‘g‘irchoqlarni tayyorlamoqda.

– Uy ro‘zg‘or yumushlaridan ortib bir kunda beshtagacha qo‘g‘irchoq tayyorlash imkonim bor. Sabr-matonat talab qiladigan bu hunarning daromadi ham yaxshi. Har bir tayyorlagan mahsulotimning o‘lchami va milliylik darajasiga qarab 80 mingdan 150 ming so‘mgacha sotaman. Asosan buyurtma bilan maktabgacha ta’lim muassasalariga yetkazib beryapman. Turli ko‘rgazmalarda ham ishtirok etishni ham boshladim. Maqsadim bolajonlarga bog‘cha yoshidan milliyligimizni singdirishga hissa qo‘shish, – deydi Shahodat Nazarboyeva.

Mohir hunarmandning qo‘l ishlari viloyatning barcha shahar-tumanlari, qolaversa Navoiy, Xorazm, Samarqand, Toshkent shahri va vodiy viloyatlarigacha yetib borgan.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri