Oydinlik bolalar uchun yangi bog‘cha
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani “Oydin” mahallasi hududidagi 8-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti binosi ta’mirdan so‘ng foydalanishga topshirildi. Unga 1 milliard
500 million so‘m mablag‘ sarflandi. Yangi bino to‘qson o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, unda o‘ttiz nafar ishchi-xodim faoliyat yuritadi.

Ochilish marosimida tuman hokimi mas’ullari, Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi rahbarlari, mahalla faollari, nuroniylar ishtirok etdi. Tadbirda maktabgacha ta’lim tashkilotlarini malakali kadrlar bilan ta’minlash kelajak avlodni tarbiyalashda muhim omil ekanligi haqida so‘z bordi.
–Bolalarning qiziqishi va qobiliyatini inobatga olib sport, musiqa, til o‘rgatish, raqs to‘garaklari yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur maskan ko‘p yillardan buyon ishlamasdi. Hukumatimizdan minnatdormiz. Qisqa fursatda uni ta’mirlab foydalanishga topshirishdi. Mahalla ahli bu xayrli ishdan nihoyatda xursand, – deydi mahalla faoli M.Karimova.

Sh. SUYAROV, O‘zA