“Oydin nur” oydin hayotga chorlamoqda
“Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi o‘z faoliyatini 1999 yilda boshlagan. Dastlab tashabbuskor guruh faollari viloyat oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan tashkil topgandi.
Nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotning asosiy maqsadi oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, ayolning bu boradagi psixologik va huquqiy bilimlarini oshirish, ijtimoiy muammolarini asoratsiz yechishga ko‘maklashish orqali barkamol oilaviy munosabatlarni tadbiq etishga hissa qo‘shishdan iborat.
Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari gender tenglik masalalarini ilgari surish, ishonch telefonini tashkil qilish, psixologik maslahat ko‘rsatish, yuridik maslahat ko‘rsatish, sudda oiladagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarning vakili bo‘lish, ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam berish, vaqtinchalik yashash joyi – boshpana bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilib olgan.
[gallery-14749]
– Markazimiz og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy, maishiy tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin - qizlar, odam savdosi qurboni, jabr ko‘rgan mehnat muhojirlari, ilgari sudlangan, yakka- yolg‘iz ayollar, voyaga yetmagan yetim o‘g‘il-qizlarga bepul xizmat qiladi, –deydi “Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi rahbari Shahnoza Ixtiyorova. –Ishonch telefoni xizmati markaz faoliyatini boshlaganidan buyon tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 18818 ta qo‘ngiroq qabul qilindi. Inqiroz holatiga tushgan ayollarga psixologik madad xizmati 2000 yildan beri ko‘rsatiladi va bugungi kunga qadar 3349 dan ortiq maslahatlar berildi. Psixolog birinchi navbatda markazga murojaat qilgan ayolni stress holatidan chiqarish maqsadida har biri bilan alohida ish olib boradi. O‘z-o‘zini to‘g‘ri baholay bilish, oilada uchraydigan muammolar, ularning oqibatlari, oilada ayol kamsitilishining oldini olish borasida bilimlar beradi. Markaz boshpanasida yashayotgan ayollar bilan individual psixologik tashxis, psixokorreksiya, psixoterapiya ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ayollar uchun “Xavotirliklar jamlanmasi”, “Inqirozli vaziyatga tushgan odamlarga psixologik yordam”, “Hayotni yaxshilash”, “Reproduktiv salomatlik”, “Odam savdosidan ogoh bo‘ling!” mavzularida psixologik treninglar o‘tkazadi.
Markaz tomonidan huquqiy maslahatlar xizmati 2004 yildan buyon ko‘rsatiladi. Bugungi kunga qadar 12681ta maslahat berildi. Yurist ayollarga zarur bo‘lgan huquqiy maslahatlarni beradi, sudgacha bo‘lgan vaqt mobaynida aliment undirish, uyga kiritish, otalikni belgilash, ajralish, mol-mulkni taqsimlash va hokazo bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishda va ularni sudga taqdim etishga ko‘maklashadi.
Sudda oilaviy nizolardan jabrlangan ayollar manfaatini himoya qiladi. Advokat yollash orqali 2009 yildan buyon 251ta ayol manfaatlari sudda himoyalandi. Turli xil xujjatlarni rasmiylashtirish uchun 85ta ayolga davlat boji to‘landi. 7 ta otalikni belgilash tibbiy ekspertizasi uchun to‘lov o‘tkazildi. Zo‘ravonlik qurboni tushkunlik, qo‘rquv va umidsizlik holatida bo‘lganligi sababli sud zalida o‘zini himoya qilolmaydi. Shu uchun advokatning ayol huquqlarini himoyalab, uni qo‘llab-quvvatlashi, unga kuch va ishonch beradi. Faoliyati davomida markaz advokatlari ishtirok etgan sud jarayonlarining 90 foizi ayol foydasiga hal qilingan.
Ijtimoiy muammolarni hal qilishda ko‘maklashiladi. Ijtimoiy muammolarni yechishga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish xizmati 2007 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan va bugungi kunga qadar 5678 tani tashkil qildi. Ijtimoiy xodim ayollarga oiladagi nizolarini bartaraf etishda, ijtimoiy muammolarni hal qilishda maslahatlar berib, ko‘maklashadi. Ularning sog‘ligini tiklashda, mahalla fuqarolar yig‘inidan kerakli moddiy yordam, bolalar nafaqasini rasmiylashtirishda, bandligini ta’minlashda, yuqotilgan hujjatlarni tiklashda, farzandlarini maktabgacha ta’lim va o‘rta umumta’lim maktabiga joylashtirishda ko‘maklashadi.
Kasb-hunarga o‘rgatish va daromad keltiruvchi kichik biznesini yo‘lga quyishga ko‘maklashish xizmati 2010 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunga qadar 250 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj va tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol turli xil o‘quv kurslarida o‘qitilgan va shulardan 113 nafari daromad keltiruvchi kichik biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun kerakli asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlangan.
Vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash xizmati 2007 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan. Juda og‘ir oilaviy sharoiti tufayli, tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganligi tufayli uy-joysiz qolgan 1286 nafardan ortiq ayol va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaz boshpanasida yashab, muammolarini yechish orqali normal hayotga qaytarildi. Boshpanada ayollar va ularning farzandlari bepul oziq - ovqat, gigiyena vositalari va zarurat tug‘ilganda dori-darmonlar bilan ta’minlanadi. Boshpanada yashash vaqtida ularni ruhan qo‘llab-kuvvatlash va ko‘tarinki ruhda yashashlarini ta’minlash maqsadida turli xil madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi.
Markaz mahalliy hamda xalqaro tashkilotlar ko‘magida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Fransiyaning texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi (ACTED), AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi kichik loyihalar dasturi, USAIDning O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar dasturlari, Germaniyaning “FRIDRIX EBERT” nomli jamgarmasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Xelsenki inson huquqi jamg‘armasi, Yevropadagi xavfsizlik va xamkorlik tashkiloti (OSCE), BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), IOM ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Vinrok xalqaro instituti notijorat tashkilotining filiali shular jumlasidandir.
Buxoro viloyati “Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan “Yengil avtomashina sotib olishni qo‘llab-quvvatlash” nomli loyihani bajarish maqsadida shartnoma imzolagan edi. Loyihadan asosiy maqsad tazyiq va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollar va ularning voyaga yetmagan bolalariga o‘z vaqtida va manzilli yordam ko‘rsatish uchun markazga avtotransport sotib olishdan iboratdir.
Shu loyiha asosida sotib olingan “Kobalt” rusumli yengil avtomobilning tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi birinchi kotibi janob M.Vimmer, elchixona tarjimoni A.Sulaymonov xamda “Oydin nur” tashkilotining yaqin hamkorlari qatnashdi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat),
O‘zA muxbirlari