O‘xumga yana borgim kelyapti (+video)
Jizzax viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi taklifi va Forish tuman hokimligi axborot xizmati bilan hamkorlikda tumanda turizm salohiyatini o‘rganish maqsadida “O‘xum” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli tog‘li qishloqlarda xizmat safarida bo‘lib, ko‘rgan-bilganlarimizni baholi qudrat videotasvirga muhrlab qaytdik.
Jizzax viloyati turizm va milliy meros bosh boshqarmasi tomonidan Prezidentimizning 2021 yil 9 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 dekabrdagi “Ekoturizmni rivojlantirish va suv omborlarining suvni muhofaza qilish zonalari doirasida yer uchastkalari ajratish tartibini takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Zomin, Baxmal, G‘allaorol, Sharof Rashidov va Forish tumanlarida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilayotgani tahsinga loyiq.
Jumladan, Forish tumanidagi bugun turizm mahallasiga aylanib ulgurgan “O‘xum”ning toza havosi, tog‘ buloqlaridan jildirab oqayotgan zilol suvlari nafaqat mahalliy, xorijlik sayyohlarni jalb etmoqda. “O‘xum”liklar o‘z qishloqlariga oddiygina qilib “Bu yerga kelgan kishi uning tabiatiga shaydo bo‘lib yana qaytib kelgisi kelaveradi” deya ta’rif berishadi. Chetdan qaraganda, bu oddiygina tuyulishi mumkin, ammo gapning mazmuniga chuqurroq kirib borsangiz “bu go‘shaning go‘zallikda ta’rifi yo‘q” degan ma’noni anglatadi.
Ushbu mahallaning Hayot qishlog‘ida yashovchi Omonboy va Ixtiyor Anjirovlarning har biri 19 o‘rinli mehmon uylarini qurib foydalanishga topshirilgan. Ushbu mehmon uylarida sayyohlar uchun hamma qulaylikka ega shinam xonalar hamda zamonaviy talab va tamoyillarga javob beradigan sharoitlar hozir qilib qo‘yilgan. Intererlar milliy qadriyatlarga xos ravishda bezatilgan.
Mabodo, mehmonlar haqiqiy sharqona holatda, ya’ni shu qishloq udumiga ko‘ra dam olishni xohlashsa, buning uchun ham milliy uslubda bezatilgan xonalar ham tayyorlab qo‘yilganligi alohida tahsinga loyiq.
Hayot qishlog‘iga kelgan sayyohlar dam olishdan tashqari tog‘larga chiqib, mashhur Parrandoz va Beshbarmoq tog‘ cho‘qqilari manzaralaridan bahramand bo‘lishlari, ot-ulovda bemalol avtotransport vositalari chiqa olmaydigan joylarga sayr qilish imkoniyati yaratilgan.
Jumladan, baland tog‘ darasidagi qadimiy ajdodlarimiz tomonidan bitilgan qoya suratlari, ya’ni petrogliflarni ham aynan shu beminnat ot-ulovlar yordamida ko‘tarilib, ushbu petrogliflarni o‘rganishlari, tomosha qilib qaytishlari mumkin.
O‘xum va Hayotboshi qishloqlari o‘rtasidagi baland tog‘ tepasiga o‘rnatilgan kuzatuv maydonchasiga yoki zamonaviy tilda “Selfi zona” ga chiqib, yuqoridan tomosha qilishlari va bu go‘zal, betakror ko‘rinishlarni video, foto yoki uyali telefon apparatlari kameralariga muhrlab olishlari va albatta, musaffo tog‘ havosidan to‘yib-to‘yib, maza qilib nafas olishlari mumkin ekaniga o‘zimiz guvoh bo‘ldik.
Mehmon uyi “Nurota tog‘ qo‘riqxonasi”ning chegarasida joylashgan. Bu yerda qo‘riqxona xodimlari tomonidan qizil kitobga kiritilgan “Qizilqum arxari” deb ataladigan jonivorlar uchun maxsus voler yoki oddiy qilib aytganda parvarishxona tashkil etilgan. Uning maydoni 16 gektarni tashkil etadi. Sayohat ixlosmandlari uchun bu ajoyib ohularni tabiat qo‘ynida emin-erkin yurganlarini kuzatib, o‘zlarini yovvoyi tabiat qo‘yniga tushib qolgandek his qilish imkoniyati mavjudligi bizni ham hayratda qoldirdi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BXtSuqSkJQ8" title="O‘xumga yana borgim kelyapti" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
“O‘xum” mahalla fuqarolar yig‘inidan uncha uzoq bo‘lmagan Aydar – Arnasoy ko‘llar tizimi suv havzasiga tushib ko‘lda cho‘milish, qirg‘oqlari bo‘ylab yoki motorli qayiqlarda ko‘l ichkarisi uzra sayr qilish ham insonga olam-olam zavq bag‘ishlab, mavj urib turgan moviy suvdan dilingiz yayrab, olam-olam zavq olar ekan kishi.
O‘xumliklar, bu yerga kelgan kishi, yana qaytib kelgisi kelaveradi, deb aytishganicha bor ekan. U yerdan kechagina shaharga qaytdimu, lekin bugun yana O‘xumga borgim kelyapti.
A.QAYUMOV (video), O‘zA