O‘xumda turizm rivojlanmoqda, ammo yo‘llar abgor ahvolda
Fototanqid
Jizzax viloyati Forish tumanidagi O‘xum qishlog‘i Nurota tog‘ tizmasi etaklarida joylashgan bo‘lib, so‘lim tabiati, buloqlari va asrlarga teng yoshdagi yong‘oqzorlari bilan mashhur. So‘nggi paytlarda bu yerdan sayyohlarning qadami uzilmayotir. Qishloqda o‘ziga xos, milliy o‘zligimizni ko‘rsatib turuvchi uy mehmonxonalari soni oshib borayotgani ham ayni muddao.
Ana shu uy mehmonxonalardan biriga egalik qiluvchi tadbirkor Ulug‘bek Ergashevni ko‘pdan buyon bir muammo qiynaydi. Bu – qishloqdagi qariyb 1,5 kilometrlik yo‘lning nosozligidir.
[gallery-25419]
- Bir necha yillardan buyon ushbu muammo bilan murojaat qilmagan tashkilotim qolmadi, - deydi Ulug‘bek Ergashev. - Mablag‘ ajratildi, loyihaga kiritdik, degan va’dalardan nariga o‘tilmayapti. Shu nosoz yo‘l tufayli qanchadan-qancha turistlar bu yerga kelishdan voz kechmoqda.
O‘zbekistonga birinchi marta kelgan germaniyalik sayyoh Sintxia Sende qishloq tabiati va otlarda sayr qilish imkoniyatini yuqori baholadi. Biroq yo‘llarning holati ularni manzilga kechroq yetkazganini va uy mehmonxonasiga olib boruvchi yo‘l qiyinchilik tug‘dirganini ta’kidladi.
Mahalliy aholi va tadbirkorlarning aytishicha, yo‘l muammosi sayyohlar sonining o‘tgan yilga nisbatan 25–30 foizga kamayishiga olib kelgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘xum qishlog‘ida jami 20 ta uy mehmonxonasi mavjud bo‘lib, bu yerda 4 ming 373 nafar aholi istiqomat qiladi. Forish tumani markazidan 50 kilometr uzoqlikda joylashgan bu qishloqda aholining ko‘p qismi kam daromadli hisoblanadi. Turizmning rivojlanishi esa o‘xumliklarga qo‘shimcha daromad topishida yordam bermoqda. Shu bois ular uy mehmonxonalar faoliyati bilan birga qishloq yo‘llarini ham to‘liq zamonaviy holga keltirish zarurligini ta’kidlamoqdalar. Bu nafaqat hududning turizm salohiyatini, balki aholi turmush farovonligi va bandligini ham oshiradi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/JGLby5S7ehY?si=DLAKQBqf2sivZO3f" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Jamshid YORBEKOV(surat,video),O‘zA