Ovul aholisi gaz ta’minotchilaridan mamnun
Buxoro viloyati markazidan kamida 200 kilometr olisda joylashgan aholi xonadonlari tabiiy gazdan foydalanishda muammolarga uchramadi. “Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali tomonidan viloyatning Romitan, Peshku, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlariga qarashli eng uzoq hudud aholisiga gaz balloni 35-40 kun davomida yetkazilmoqda.
Viloyatning Peshku tumani tarkibidagi Jongeldi mahallasi Buxoro shahar markazidan ancha olis masofada joylashgan. Qizilqum kengliklari bo‘ylab Quljuqtov tog‘ining shimoliy-g‘arbiy etagi pastliklarida yashab kelayotgan ovulliklar asosan, qozoq millatiga mansub aholidan tarkib topgan. Ular ehtiyojlari uchun maishiy gaz ballonlaridan foydalanib kelmoqda.

Ushbu aholi maskani biri-biridan qariyb 100 kilometr uzoqda joylashgan “Safron”, “Qal’a Ota” va “Jongeldi” qishloq ovullaridan iborat bo‘lib, bitta maktab va 2 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti bor. Qishloq ahli gaz ballonlaridan foydalanishar ekan, ularga “Peshkutumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan gaz ballonlari yetkazib berilmoqda.

– 30 kun deganda gaz ballonlari maxsus avtotransport vositasi orqali yetkazib beriladi, – deydi gaz ta’minoti filiali matbuot kotibi Mohigul Abdullayeva. – Qishloq ahli bilan qilingan suhbat davomida bevosita gaz ballonidan foydalanish tartibi to‘g‘risida qiziqib so‘radik. Ularning bizga bergan javobi benihoya xursand qildi. Faqat ovqat va choy qaynatish uchun ishlatamiz, deydi yoshi ulug‘ onaxonlar. Kechiktirilmay olib kelishini, har qanday muammolari o‘z vaqtida bartaraf etilishini qayd etishdi. Garchand olis bo‘lsa-da, to‘lovlarning onlayn amalga oshirilayotganligi olis hudud aholisi uchun ham juda qulay bo‘ldi. Olis va borish qiyin bo‘lgan ovullarga kuz-qish mavsumi boshidan 34 tonnadan ortiq suyultirilgan gaz yetkazildi.
Mas’uliyat bilan faoliyat olib borish soha mutaxassislarining asosiy maqsadi ekan, bugun har qanday mashaqqatda ham ular tinim bilmaydi. Garchand yo‘llar olis bo‘lsa ham. Shuning uchun ovulliklarning ta’minot xodimlaridan minnatdor ekanligini qarashlaridan ham anglash qiyin emas.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri