Ov qurolini belgilangan joyda saqlash kerak
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmatining xabariga koʻra, viloyatda “Qurol” maxsus profilaktik tadbiri oʻtkazilmoqda.
Buxoro viloyati IIB Axborot xizmatining xabariga koʻra, viloyatda “Qurol” maxsus profilaktik tadbiri oʻtkazilmoqda.
Tadbirga 751 nafar ichki ishlar organlari xodimlari va 15 nafar ovchilik jamiyati ishchi-xizmatchilari jalb qilingan. Hozirga qadar viloyat boʻyicha 1 ming 725 nafar ov quroliga ega shaxslar tomonidan qurol va oʻq-dorilarni saqlash hamda ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilmayotganligi boʻyicha tekshiruvlar oʻtkazildi. Mazkur fuqarolar bilan profilaktik suhbatlar oʻtkazildi. Suhbat jarayonida quroldan foydalanish qoidalari boʻyicha tushuntirish ishlari olib borildi.
Tekshiruv davomida qurolni saqlash va olib yurish qoidalarini buzgan 69 nafar fuqarolarga nisbatan MJtKning 221-moddasi bilan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
4 nafar xulq-atvori, turmush tarzi va boshqa salbiy asoslari bor fuqarolardan (3 nafari oilaviy notinchlik va 1 nafari spirtli ichimlikka ruju qoʻyganligi sabab) ov qurollari vaqtinchalik ichki ishlar organlariga hujjatlashtirilib olib qoʻyildi.
Taʼkidlash joizki, qurol va uning oʻq-dorilari qurol egasining doimiy yashash joyida (qurolni saqlash va olib yurish huquqini beruvchi ruxsatnomada qayd etilgan manzil boʻyicha) saqlanishi lozim. Ovchilik badali va davlat bojini oʻz vaqtida toʻlab borish shart. Shuningdek, qurolni saqlash va olib yurish huquqini beruvchi ruxsatnomaning amal qilish muddatiga doimiy tarzda rioya etish talab qilinadi.
Viloyatda “Qurol” maxsus profilaktik tadbiri davom etmoqda.