O‘tmish va kelajak o‘rtasidagi mustahkam ko‘prik
Qashqadaryo viloyati Kitob tumanidagi Qashqadaryo va Ayoqchi mahallalarida “Uch avlod uchrashuvlari: Ularning hayoti biz uchun ibrat” shiori ostida samimiy va ibratli tadbir bo‘lib o‘tdi.



Mazkur uchrashuvda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” DP viloyat Kengashi, Kitob tuman hokimligi, tuman “Nuroniylar” jamg‘armasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Kitob tuman bo‘linmasi vakillari hamda keng jamoatchilik faol ishtirok etdi.
Tadbir davomida avlodlar o‘rtasida uzviylik, hayotiy tajriba almashinuvi va milliy qadriyatlarimizni yosh avlod qalbiga singdirish borasida iliq suhbatlar bo‘lib o‘tdi. Faxriylarning ibratli hayoti va faoliyati yoshlarga kuch-g‘ayrat, ma’naviy ozuqa bo‘ldi.


Shuningdek, tumandagi Ayoqchi mahallasi kengliklarida milliy ruh, an’analar va xalqimizning bebaho merosi yana bir bor jonlandi. Hududning Makrid, Zarafshon, Navro‘z, Ayoqchi mahallalari yoshlari ishtirokida tashkil etilgan festivalda o‘zbek xalqining qadimiy va unutilmas o‘yinlari jonlantirildi.
Ko‘plab yoshlar ishtirokida o‘tgan bellashuvlarda qadriyatlarga aylangan milliy o‘yinlar asosida haqiqiy mahorat sinovlari bo‘lib o‘tdi. Albatta bu kabi festivallarning doimiy ravishda tashkil etilishi g‘ururi baland, vatanparvar va sog‘lom avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri