Otaboy ota Amonov 100 yoshga to‘ldi
Jizzax viloyati G‘allaorol tumanida 9 may – Xotira va qadrlash kuni hamda fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaning 77 yilligi bayrami oldidan Otaboy ota Amonovning 100 yoshlik yubileyi o‘tkazildi.
Tumandagi “Oqsaroy” tantanalar majmuasida o‘tkazilgan ushbu tadbirda viloyat hokimi Ergash Saliyev, sektorlar, viloyat va tumandagi mutasaddi tashkilotlar rahbarlari, frontorti mehnat faxriylari Otaboy Amonovning qarindosh-urug‘lari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
G‘allaorollik Otaboy Amonov o‘rta maktabni tugatar-tugatmas qo‘liga qurol olib, 1942-1949 yillarda Ukraina frontida, Vengriya, Polsha, Ruminiya davlatlarida kechgan qonli urushda qatnashdi. Fidokorligi va urushda ko‘rsatgan jasorati uchun sobiq ittifoqning turli orden va medallari, Vatanimizning yuksak mukofotlari “Shon-sharaf” medali va “Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi” ko‘krak nishonlari bilan taqdirlandi.
Urushdan so‘ng, tiklash, ta’mirlash, qayta qurish ishlarida ishtirok etdi. 1949 yildan Otaboy bobo kindik qoni to‘kilgan G‘allaorol zaminiga qaytib, qariyb 36 yil tuman suv xo‘jaligida oddiy ishchi xodim bo‘lib faoliyat yuritdi.
Umr yo‘ldoshi Oyzoda momo bilan 66 yil birga yashab, 8 nafar farzandni voyaga yetkazdi. bugungi kunda bu piru badavlat nuroniylar faxr va fayz bilan 60 nafar nevara, 100 dan ortiq evara va chevaralar ardog‘ida yashamoqda.
Hozirda farzandlarining barchasi xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qilib, el koriga yarab, mamlakatimiz iqtisodiyoti ravnaqi yo‘lida astoydil mehnat qilmoqda.
Tinchligimiz, osuda hayotimizni ta’minlashda o‘z jonini ayamasdan jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Otaboy bobo Amonovning 100 yoshli yubileyi munosabati bilan viloyat hokimi Ergash Saliyev Prezidentimiz tabrigini, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish maqsadida berilayotgan 15 million so‘m miqdoridagi bir martalik pul mukofoti, “Mustaqillik monumenti” statuetkasi hamda viloyat hokimligining qimmatbaho sovg‘alarini tantanali ravishda topshirdi.
Shundan so‘ng, G‘allaorol tumani hokimi Jalolitdin Oqboyev, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari Bekzod Tashpulatov va boshqalar urush faxriysini yubiley bilan qutlab, o‘zlarining qimmatbaho va esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchisining 100 yoshli yubileyiga bag‘ishlangan bayram tadbirida harbiy orkestr ijrosidagi marsh sadolari, viloyat sa’natkorlari va iqtidorli yoshlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi yig‘ilganlarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarining holidan xabar olish, ularga Prezidentimizning bayram tabrigini va sovg‘a-salomlarini yetkazish ishlari Jizzax viloyatining boshqa shahar va tumanlarida ham davom etmoqda.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA.