Otabek Sobitov Yoshlar parlamenti raisi etib saylandi
Yurtimizda yigit-qizlarning siyosiy faolligini oshirish va ularni qonun ijodkorligi jarayoniga keng jalb qilish maqsadida 2020 yilda Qonunchilik palatasi huzurida tashkil etilgan Yoshlar parlamenti bugungi kunda yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ular bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajarib kelmoqda. 2024 yilgi saylovlarda Yoshlar parlamenti a’zolarining 1 nafari Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, 6 nafari esa xalq deputatlari viloyat va tuman (shahar) Kengashlari deputati etib saylangani e’tiborga molik.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamentining navbatdan tashqari yig‘ilishida ham yoshlarga oid davlat siyosati sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, Yoshlar parlamentining o‘rni va roli xususida so‘z bordi.

— O‘tgan davrda Yoshlar parlamenti yoshlarning siyosiy-huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yuksaltirish, qonunlarni yoshlar orasida targ‘ib qilish orqali ularning jamiyat hayotiga daxldorligini kuchaytirish, yosh avlodning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qiladigan muhim institut sifatida shakllandi, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Sh.Joldasova. — Qonunchilik palatasi Kengashining 2022 yil 12 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan Yoshlar parlamenti faoliyati tubdan takomillashtirildi. Yoshlar parlamenti a’zolarining siyosiy partiyalarga daxldorligi oshirilib, har bir siyosiy partiyaning yoshlar guruhlari tashkil etildi va partiyalarning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari bilan uzviy hamkorligi yo‘lga qo‘yildi. Ayni vaqtda ular deputatlarga tom ma’noda ko‘makchi bo‘lib kelmoqda. Deputatlar va Yoshlar parlamenti a’zolari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar yo‘lga qo‘yilib, har bir yosh o‘zi saylangan okrugdagi deputatlarga biriktirilgan holda faoliyat olib bormoqda.

Munozaralar davomida Yoshlar parlamenti a’zolarini Qonunchilik palatasi faoliyatiga yanada kengroq jalb qilish, qo‘mitalar tomonidan o‘tkaziladigan nazorat-tahlil tadbirlarida ularning faol ishtirokini ta’minlash bo‘yicha taklif-tavsiyalar berildi.
Yig‘ilishda Yoshlar parlamenti raisi boshqa ishga o‘tganligi munosabati bilan uni Yoshlar parlamenti raisi lavozimidan ozod etish va yangi raisni saylash masalasi ko‘rib chiqildi. Qonunchilik palatasi huzuridagi Yoshlar parlamenti raisligiga Sobitov Otabek Yo‘ldosh o‘g‘li nomzodi ko‘rib chiqildi va ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullandi.
Muhtarama Komilova, O‘zA