Ota aliment uchun “Spark” avtomashinasini berdi
Majburiy ijro byurosi Andijon viloyati boshqarmasi, uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment bilan bog‘liq ijro hujjatlari ijrosini ta’minlash borasida zarur ishlar olib borilmoqda.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Andijon tumanlararo sudining 10.12.2009 yildagi ijro hujjatiga asosan, qarzdor T.M.dan undiruvchi M.M. foydasiga ikki nafar voyaga yetmagan farzandlari ta’minoti uchun aliment undirilishi belgilangan. Byuroning Andijon shahar bo‘limi tomonidan mazkur ijro hujjati bo‘yicha qarzdor T.M.dan aliment to‘lovlari o‘z vaqtida undirib kelingan.
bugungi kunga kelib farzandlardan biri voyaga yetgan, yana biri uchun esa u uch yillik aliment to‘lovini to‘lab berishi lozim. T.M.ning aliment to‘lovlaridan qarzi mavjud bo‘lmasa-da, aliment oluvchi bilan kelishgan holda ikkinchi farzandi voyaga yetgunga qadar to‘lanadigan aliment pullari o‘rniga undiruvchiga o‘z nomidagi “Spark” avtomashinasini berishni taklif etdi.
Undiruvchi M.M. taklifni qabul qilgach, mashina uning nomiga o‘tkazib berildi. Shuning bilan ijro hujjati amalda to‘la ta’minlandi. MIB xodimlari tomonidan aliment to‘lovlarini undirish bilan bog‘liq jarayonlarda avvalo, oilalar mustahkamligini ta’minlash, qolaversa, aliment bo‘yicha qarzdor otalar o‘rtasida farzandlari ta’minoti uchun to‘lanadigan aliment pullarini o‘z vaqtida to‘lab borish yuzasidan targ‘ibot-tushuntirish ishlari olib borilmoqda.
F. Ubaydullayev, O‘zA