Ota aliment pulini oldindan to‘liq to‘ladi
Oila muqaddas dargoh, oilada tinchlik-xotirjamlik, totuvlik bo‘lsa, jamiyat ham rivojlanadi. Afsuski, oilaviy kelishmovchiliklar oqibatida ayrim oilalar parokandalikka yuz tutmoqda.
Biroq, farzandining moddiy ta’minoti uchun sud tomonidan belgilangan aliment to‘lovlarini o‘z vaqtida amalga oshirayotgan otalar ko‘pchilikni tashkil etadi. Aliment to‘lovlari voyaga yetmaganlarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.
Buxoro viloyati Majburiy ijro Byurosining Kogon tumani bo‘limi ish yurituvida Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudining 2012 yil 7 sentyabrdagi qarzdor A.Marupovdan undiruvchi G.G‘aniyeva foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun qarzdor daromadining 1/4-qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risida ijro hujjati mavjud.
Aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati 2012 yil 8 oktyabrda bo‘lim ish yurituviga kelib tushgan va hozirga qadar ijro harakatlari olib borilmoqda. Mazkur sudning 2022 yil 8 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan A.Marupovdan G.G‘aniyeva foydasiga undiriladigan aliment miqdori 1/6-qismgacha kamaytirilgan.
Ijro harakatlari davomida qarzdor ota aliment to‘lovlarini oldindan to‘lamoqchiligini ma’lum qilganligi uchun bo‘lim xodimlari tomonidan qarzdor va undiruvchining qonunchilikda belgilangan huquq va majburiyatlari hamda aliment to‘lovlarini oldindan to‘lash tartibi tushuntirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 145-moddasida aliment to‘lashi shart bo‘lgan doimiy yashash uchun yoki uch oydan ortiq muddatga chet davlatga ketayotganida qonunga muvofiq o‘zi ta’minot berishi lozim bo‘lgan aliment oluvchilar bilan aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuv tuzishi shartligi ko‘rsatilgan.
Aliment to‘lash to‘g‘risida kelishuvga erishilmagan taqdirda manfaatdor shaxs aliment miqdorining pul bilan to‘lanadigan qat’iy summada belgilanishi va alimentni bir yo‘la to‘lash to‘g‘risida yoki aliment evaziga muayyan mol-mulkni berish yoxud alimentni boshqa usulda to‘lash to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqli ekanligi belgilangan.
Qarzdor A.Marupov sudga murojaat qilib, voyaga yetmagan farzandi ta’minoti uchun undiruvchining foydasiga bir yo‘la oldindan aliment to‘lamoqchi ekanligi sababli ijro hujjati bo‘yicha ijro etish usuli va tartibini o‘zgartirishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kogon tumanlararo sudining 2022 yil 6 dekabrdagi ajrimi bilan A.Marupovdan undiruvchi G.G‘aniyeva foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandi moddiy ta’minoti uchun 2023 yilning 01 yanvar kunidan boshlab farzandi voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun bir yo‘la aliment to‘lashi belgilangan.
Bo‘lim xodimlari tomonidan olib borilgan ijro harakatlari davomida, qarzdor A.Marupovdan undiruvchi G.G‘aniyeva foydasiga bir nafar farzandi moddiy ta’minoti uchun farzandi voyaga yetguniga qadar bo‘lgan davr uchun oldindan to‘lanishi lozim bo‘lgan 114.586.554 so‘m miqdorida aliment pullari bir yo‘la undiruvchi G.G‘aniyeva foydasiga undirilib berildi va ijro hujjati amalda tamomlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA