Osoyishta va farovon hayotimiz kafolati
Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirliklar, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.
Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev so‘zga chiqib, Konstitutsiyaning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdagi ahamiyatiga to‘xtaldi va bosh Qomusimiz qabul qilinganligining 30 yilligi bilan muborakbod etdi.
[gallery-9908]
Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya har bir mamlakatning milliy huquq tizimining asosini tashkil etish bilan birga davlat qurilishi, hokimiyati va jamiyat hayotining o‘lchamini o‘zida jamlashi bilan ahamiyatlidir.
Mamlakatimizning mustaqil rivojlanish bosqichlariga nazar tashlar ekanmiz, albatta siyosiy-ijtimoiy hayotidagi yuz berayotgan o‘zgarish va yangilanishlar, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda erishilayotgan yuksak natijalar, aholining farovon va baxtli hayotini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining barchasi Asosiy qonunimiz yaratib bergan imkoniyat ekanligini yanada teran anglaymiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 8 noyabrdagi farmoni bilan ta’sis etilgan "O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30 yilligi" esdalik nishoni mamlakatimizning barcha hududlarida hamyurtlarimizga tantanali topshirilmoqda. Tadbirda bir guruh faollarga ushbu esdalik nishoni tantanali ravishda topshirildi.
Tadbir san’at ustalarining konsert dasturi bilan yakunlandi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA