Osiyo taxtida yana Sharifa
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX yozgi Osiyo o‘yinlarining yengil atletika bo‘yicha uch hatlab sakrash dasturida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Sharifa Davronova 14,35 metr natija qayd etib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Shu tariqa, Sharifa Davronova o‘z faoliyatida ikkinchi bor Osiyo o‘yinlari chempioniga aylandi. U bundan avval, 17 yoshida, 2023-yilda Xanchjouda o‘tkazilgan XIX Osiyo o‘yinlarida ham uch hatlab sakrash bo‘yicha oltin medalga sazovor bo‘lgan edi.
Uning bugungi katta yutug‘i zamirida mamlakatimizda yosh avlodning sport bilan shug‘ullanishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyat va sharoitlar, hududlarda sport to‘garaklarining faoliyat olib borayotgani, sport inshootlarining zarur jihoz va inventarlar, malakali murabbiylar bilan ta’minlanayotgani mujassam. Ana shunday to‘garaklardan Sharifa Davronovadek iqtidorli sportchilarning yetishib chiqayotgani sohada amalga oshirilayotgan ishlar samarasini ko‘rsatadi.
Sharifa Davronova 2006-yil 27-sentabr kuni Samarqand shahrida tug‘ilgan. U bolaligidanoq onasi Nasiba Hoshimovaga sportchi bo‘lish istagi va kelgusida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilish orzusi borligini aytgan. Onasi esa qizining bu maqsadiga erishishi uchun uni har tomonlama qo‘llab-quvvatladi.

Sharifa 2016-yilda yengil atletika bo‘yicha murabbiy Muzaffar Karimov qo‘l ostida sport sirlarini o‘rgana boshladi. Tinimsiz mehnat va g‘alabaga bo‘lgan intilish uni 2020-yildayoq mamlakat chempionatiga olib chiqdi. Kattalar o‘rtasidagi mazkur chempionatda Sharifa 100 metrga yugurish va uch hatlab sakrash bahslarida ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Turli milliy musobaqalarda toblanib, mahoratini yanada oshirgan Sharifa 2021-yilda mahalliy chempionatlarning uch hatlab sakrash bahslarida g‘olib bo‘ldi. O‘sha yili Qozog‘istonda 2004-yil va undan keyin tug‘ilgan yengil atletikachilar o‘rtasida o‘tkazilgan xalqaro turnirda 60 metr masofani 7,72 soniyada bosib o‘tib, oltin medalga sazovor bo‘ldi va U–16 yosh toifasida O‘zbekiston rekordini yangiladi. Shuningdek, uch hatlab sakrashda 12,73 metr natija qayd etib, shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.

Sharifa Davronova 2022-yilda ham o‘z tengdoshlari orasida yuksak natijalar qayd etdi. U uch hatlab sakrashda jahon miqyosida U–18 yosh toifasida, shuningdek, o‘smirlar va o‘zidan ikki-uch yosh katta atletlar orasida mavsumning eng yaxshi natijalarini ko‘rsatdi. Mavsumni O‘zbekiston kubogi va chempionatlaridagi g‘alabalari bilan boshlagan sportchi Turkiyaning Bursa shahrida o‘tkazilgan xalqaro turnirda uch hatlab sakrashda 13,55 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Kolumbiyaning Kali shahrida bo‘lib o‘tgan 20 yoshgacha bo‘lgan atletlar o‘rtasidagi jahon chempionatida uch hatlab sakrash bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritdi. V Islom birdamlik o‘yinlarida ham mazkur yo‘nalishda delegatsiyamiz hisobiga oltin medal qo‘shdi. Shu yili Samarqand shahrida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari ochiq chempionati hamda Quvaytdagi Osiyo chempionatida uzunlikka va uch hatlab sakrash bo‘yicha shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi.
Yuksak marralarni ko‘zlayotgan atletikachi qizimiz 2023-yilgi mavsumni ham mamlakat kubogidan boshladi. Mazkur musobaqada Sharifa 13,77 metr natija qayd etib, yopiq inshootlardagi O‘zbekiston rekordini yangiladi. 11-fevral kuni Qozog‘istonning Nur-Sulton shahrida o‘tkazilgan yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida esa 13,98 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Bu muvaffaqiyatlaridan so‘ng Sharifa Davronova 2023-yil 7-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmoniga ko‘ra, sportdagi yutuqlari uchun «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandi. Shu yil aprel oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan 18 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida ikki bor shohsupaga ko‘tarildi. Jumladan, uzunlikka sakrashda kumush, uch hatlab sakrashda oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Sharifa Davronova «Xanchjou–2022» Osiyo o‘yinlariga puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Terma jamoa safida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida ishtirok etgan sportchi zamonaviy talablar asosida tayyorgarlik jarayonini olib bordi va xalqaro musobaqalarda munosib ishtirok etish uchun yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalandi.
Muhim tayyorgarlikdan so‘ng atletimiz Gennadiy Arzumanov xotira turnirida qatnashib, uch hatlab sakrash bo‘yicha milliy rekordini 14,23 metrga yangiladi. 2023-yilda esa XIX Osiyo o‘yinlarining uch hatlab sakrash bahslarida 14,09 metr natija bilan g‘olib bo‘ldi. Uning bu g‘alabasi sharafiga yurtimiz bayrog‘i baland ko‘tarilib, O‘zbekiston madhiyasi yangradi.
2024-yilda Sharifa Davronova uch hatlab sakrash bo‘yicha bir qator musobaqalarda yuqori natijalar qayd etdi. Jumladan, Antaliyadagi Olimpiada sinov musobaqasida 13,13 metr natija bilan birinchi, Toshkentdagi Markaziy Osiyo ochiq chempionatida 13,76 metr bilan birinchi, G. Arzumanov memorialida 13,79 metr bilan birinchi, O‘zbekiston ochiq chempionatida 13,39 metr bilan birinchi, Olmaotadagi XXXIII Qosanov memorialida 13,75 metr bilan birinchi va Toshkentdagi «Silk Road to Olympic» musobaqasida 13,89 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Parij Olimpiadasida ishtirok etgan sportchi Lima shahrida o‘tkazilgan Jahon U20 chempionatida 13,75 metr natija bilan g‘olib bo‘ldi.

2025-yilda Sharifa Davronova uch hatlab va uzunlikka sakrash bo‘yicha qator musobaqalarda shohsupadan joy oldi. Jumladan, Astanadagi musobaqada uch hatlab sakrashda 13,90 metr natija bilan ikkinchi, Toshkentdagi G. Arzumanov memorial musobaqasida uzunlikka sakrashda 6,42 metr natija bilan birinchi, uch hatlab sakrashda 13,64 metr bilan birinchi o‘rinni egalladi. Butunjahon talabalar o‘yinlarida 14,33 metr natija bilan g‘olib bo‘lgan sportchi Olmaotadagi XXXIV Qosanov memorialida uch hatlab sakrashda 14,19 metr bilan birinchi, uzunlikka sakrashda 6,26 metr bilan ikkinchi bo‘ldi. Toshkentda o‘tkazilgan «Road to Tokyo» musobaqasida uzunlikka sakrashda 6,14 metr natija bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Osiyo chempionatida uch hatlab sakrashda 13,74 metr bilan ikkinchi, Ar-Riyoddagi Islom birdamligi o‘yinlarida esa 13,91 metr natija bilan ikkinchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston yengil atletika terma jamoasi a’zosi Sharifa Davronova 2026-yilgi musobaqalarda ham uch hatlab sakrash bo‘yicha yuqori natijalar qayd etdi. Xususan, 24-sentabr kuni Yaponiyaning Nagoya shahrida o‘tkazilayotgan XX Osiyo o‘yinlarida sportchimiz 14,35 metr natija bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Ushbu natija Sharifa Davronovaning joriy mavsumdagi eng yaxshi ko‘rsatkichi hisoblanadi.
Bundan avval atletimiz qator nufuzli musobaqalarda ham shohsupaga ko‘tarildi. Jumladan, 7-fevral kuni Tyanszinda o‘tkazilgan Osiyo yopiq inshootlar chempionatida 14,05 metr natija bilan birinchi o‘rinni egalladi. 17-may kuni Linkolndagi «Big Ten» ochiq havo chempionatida 14,13 metr, 30-may kuni Feyetvilldagi «NCAA» G‘arb mintaqasi saralash bahslarida 13,92 metr natija bilan g‘olib bo‘ldi. 12-iyul kuni Ordos shahrida o‘tkazilgan Osiyo U23 chempionatida esa 14,24 metr natija bilan yana bir oltin medalga sazovor bo‘ldi. 13-iyun kuni Yujin shahridagi «NCAA I» divizioni ochiq havo chempionatida 14,15 metr natija qayd etib, ikkinchi o‘rinni egalladi.

Shu tariqa, Sharifa Davronova 2026-yilda uch hatlab sakrash bo‘yicha ishtirok etgan musobaqalarining oltitasida shohsupaga ko‘tarilib, 5 ta oltin va 1 ta kumush medal jamg‘ardi.
Ha, Sharifa Davronovaning bugungi yutuqlari ortida yillar davomidagi mashaqqatli mehnat, izchil tayyorgarlik va katta maqsad sari intilish mujassam. Uning Osiyo o‘yinlaridagi ikkinchi chempionligi nafaqat sportchining shaxsiy faoliyatidagi muhim natija, balki O‘zbekiston yengil atletikasining qit’adagi mavqeini yana bir bor namoyon etgan yutuq sifatida ahamiyatlidir.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA