Osiyo o‘yinlariga bormagan Diyora Keldiyorova ilk bor qaysi xalqaro turnirda ishtirok etadi?
Yaponiyada davom etayotgan yozgi Osiyo o‘yinlari musobaqalari o‘zining yuqori nuqtasiga tobora yaqinlashayotgan ayni kunlarda yurtimiz dzyudochilari oktabr oyi davomida Ozarbayjonda o‘tadigan jahon chempionatida, shuningdek, Qozog‘iston, Tojikiston davlatlarida o‘tadigan xalqaro turnirda Vatanimiz sharafini himoya qilishga hozirlanmoqda.
Ertaga, 30-sentabr kuni qit’a o‘yinlarining dzyudo musobaqalariga start berilsa, 4-10-oktabr kunlari Bokuda jahon chempionati, 17–18-oktabr kunlari Qozog‘istonning Aktau shahrida “Aktau Asian Open 2026” turniri bo‘lib o‘tadi.
Bevosita qit’a o‘yinlariga to‘xtaladigan bo‘lsak, kunchiqar yurtda o‘tayotgan to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasi dasturidan o‘rin olgan dzyudo bellashuvlarida 32 ta davlatning 204 (116 erkak, 88 ayol) nafar sportchisi medallar uchun kurash olib borishi tasdiqlangan.

2-oktabrga qadar davom etadigan Osiyo o‘yinlarining yakkalik bahslarida Yaponiya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston, Janubiy Koreya va O‘zbekiston milliy terma jamoalari to‘liq tarkibda, ya’ni 14 nafar (7 ta vazn erkaklar, 7 ta vazn ayollar) dzyudochi bilan qatnashmoqda.

Shuningdek, 3-oktabr kuni O‘zbekiston dzyudo jamoasi qatnashadigan Osiyo o‘yinlarining aralash jamoaviy bahslarida sovrindor mamlakatlar nomi ma’lum bo‘ladi.
Bokuda o‘tadigan jahon chempionatida 96 ta mamlakatning 637 nafar dzyudochisi qatorida O‘zbekiston terma jamoasining 17 nafar a’zosi g‘oliblik yo‘lida kurash olib borishi belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi tomonidan 22 nafar dzyudochimizning Qozog‘istonda bo‘ladigan nufuzli musobaqada ishtirok etish talabnomalari taqdim etilgan.
E’tiborli jihati, qo‘shni mamlakatda kechadigan nufuzli musobaqada o‘zbek sportining faxri, “Parij-2024” Olimpiadasi chempioni va ikki karra jahon chempionati sovrindori Diyora Keldiyorova qatnashishi qayd etilganki, bu, mahoratli sportchimizning Olimpiya o‘yinlaridan keyingi dastlabki xalqaro musobaqasi ekani bilan ahamiyatli.

Bundan tashqari, 28 nafar yosh dzyudochimiz 24-25-oktabrda Tojikistonda o‘tadigan “Hoji Sharif Dushanbe Grand Prix Juniors 2026” turnirida sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qiladi.
Eslatib o‘tamiz, Diyora Keldiyorova Aktau musobaqalarida o‘z vazn toifasi bo‘lgan -52 kilogrammdagi bellashuvlarda ishtirok etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA