Osiyo o‘yinlari: Umumiy jadvalda o‘zgarishlar ro‘y berdi
Yaponiyaning Aichi va Nagoya shaharlarida davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 21-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvlari yakuniga ko‘ra, umumiy medallar jadvalida bir qator o‘zgarishlar ro‘y berdi.
Quvonarlisi, Osiyo o‘yinlarining ikkinchi kunida O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga bittadan oltin va bronza medallari qo‘shildi. Ushbu medallar karate bo‘yicha Abdulvahob Rashidov (oltin) va MMA yo‘nalishida ishtirok etgan Nodirbek Shavkatov (bronza) tomonidan qo‘lga kiritildi. Shu tariqa delegatsiyamiz 1 tadan oltin, kumush va bronza medal jamg‘argan holda umumiy jadvalning 9-pog‘onasiga ko‘tarildi.
Osiyo o‘yinlarining 21-sentabr kungi bahslari yakuniga ko‘ra, medallar jadvalida Xitoy 23 ta oltin, 10 ta kumush va 5 ta bronza, jami 38 ta medal bilan peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya 8 ta oltin, 12 ta kumush va 12 ta bronza medal bilan ikkinchi, Janubiy Koreya 5 ta oltin, 3 ta kumush va 15 ta bronza medal bilan uchinchi o‘rinda.

Kuchli o‘nlikda Qozog‘iston 4 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza, Tailand 3 ta oltin va 1 ta kumush, Gonkong 2 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza, Xitoy Taypeyi 1 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza, Makao 1 ta oltin va 3 ta kumush, O‘zbekiston va Myanma hisobida esa 1 tadan oltin, kumush va bronza medal bilan qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil Xanchjouda o‘tkazilgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston delegatsiyasi 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza, jami 71 ta medal bilan umumjamoa hisobida 5-pog‘onani egallagan.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA