Osiyo o‘yinlari: O‘zbekiston delegatsiyasi 31 medal bilan kuchli beshlikda
Yaponiyada davom etayotgan XX Osiyo o‘yinlarining 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan bellashuvlari yakuniga yetdi. Unda sportchilarimiz beshta medalni qo‘lga kiritdi.
Quvonarlisi, yengil atletikaning bosqon uloqtirish bahslarida yengil atletikachimiz Suxrob Xo‘jayev 74,38 metr natija qayd etib, oltin medalga sazovor bo‘ldi.
Baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha bahslarda vakillarimiz uchta kumush medalga ega chiqdi. Xususan, baydarkada 500 metr masofaga eshkak eshish bo‘yicha to‘rtlik dasturida Yekaterina Shubina, Arina Tanatmisheva, Milana Dyushev-Yanich va Shahrizoda Mavlonovadan iborat kvartetimiz marraga ikkinchi bo‘lib yetib keldi.
Kanoeda eshkak eshish bo‘yicha C2 dasturida 500 metr masofaga kechgan bahsda Shohsanam Sherzodova va Nilufar Zokirova kumush medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, yakkalik bahslarida Vladlen Denisov 500 metr masofani ikkinchi bo‘lib bosib o‘tdi.




Musobaqaning sport gimnastikasi bo‘yicha bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Rasuljon Abdurahimov qo‘shpoya dasturidagi final bahsida 14,433 ball jamg‘arib, uchinchi o‘rinni egalladi. Afsuski, sport gimnastikasi bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi erkin mashq dasturida Dildora Aripova 13,200 ball natija qayd etib, 4-o‘rinni egalladi.


Darvoqe, futbol bo‘yicha erkaklar o‘rtasidagi bahslarida Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston U23 terma jamoasi Nagoya shahridagi «Mizuho» stadionida chorak final bosqichida Saudiya Arabistoni U23 terma jamoasiga qarshi maydonga tushdi. O‘yinda Dilshod Murtazoyev, Azizbek To‘lqinbekov va Firdavs Abdurahmonov kabi futbolchilarimiz tomonidan kiritlgan gollar evaziga 3:0 hisobida jamoamiz g‘alaba qozondi.
Endi futbolchilarimiz 30-sentabr kuni yarim finalda Yaponiya — KXDR juftligi g‘olibiga qarshi maydonga tushadi.
Shu tariqa, delegatsiyamiz 7 ta oltin, 15 ta kumush va 9 ta bronzani tashkil etib, jami 31 taga yetdi van umumiy jadvalning 5-pog‘onasidan joy oldi.

Medallar jamg‘arishda Xitoy 98 ta oltin, 37 ta kumush va 24 ta bronza medal bilan peshqadamlik qilmoqda. Yaponiya 28 ta oltin, 43 ta kumush va 44 ta bronza medal bilan ikkinchi, Janubiy Koreya 13 ta oltin, 17 kumush va 34 ta bronza medal bilan uchinchi o‘rindan joy olgan.
Kuchli o‘nlikdan Qozog‘iston 8 ta oltin, 8 ta kumush, 14 ta bronza, O‘zbekiston 7 ta oltin, 15 ta kumush va 9 ta bronza, Tailand 7 oltin, 6 kumush, 8 bronza, Eron 6 oltin, 11 kumush, 7 bronza, Gonkong 4 ta oltin, 11 ta kumush, 11 ta bronza, KXDR 4 ta oltin, 4 ta kumush, 3 ta bronza, Bahrayn 4 ta oltin, 2 tadan kumush va bronza medal bilan qayd etilgan.
Javohir Toshxo‘jayev,
Sarvar O‘rmonov (surat) Yaponiya,
O‘zA