Osiyo o‘yinlari: dzyudochilar uchun antidoping seminari tashkil etildi
Yaponiyada o‘tadigan XX yozgi Osiyo o‘yinlari yaqinlashgani sayin milliy terma jamoalarni mazkur nufuzli musobaqaga ruhiy va jismoniy jihatdan tayyorgarligini mukammal olib borish bilan birga har bir sportchida antidoping qoidalariga amal qilish bo‘yicha zarur bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlash muhim vazifa sanaladi.
Shu kunlarda O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi tomonidan Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rayotgan milliy terma jamoalar o‘rtasida profilaktik antidoping seminarlari davom etmoqda.
Navbatdagi seminar Aichi-Nagoya mezbonligida o‘tadigan yozgi Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik olib borayotgan dzyudo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi sportchilari ishtirokida tashkil etildi.

Unda har bir sportchining shaxsiy mas’uliyati va antidoping qoidalariga qat’iy rioya qilishga urg‘u berildi.
Shuningdek, xalqaro musobaqalardagi antidoping talablari, doping-nazorati jarayonlari hamda taqiqlangan moddalar bilan bog‘liq xavflarning oldini olish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.

Sportchilar o‘rtasida yuqori antidoping madaniyatini shakllantirishga qaratilgan bunday tadbirlar davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, XX yozgi Osiyo o‘yinlari joriy yilning 19-sentabr-4-oktabr kunlari Yaponiyaning Aichi-Nagoya shahrida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA