Osiyo kubogi g‘oliblari aniqlandi
Nukus shahridagi markaziy Amfiteatrda O‘zbekiston, Singapur, Saudiya Arabistoni, Turkmaniston, Hindiston, Qirg‘iziston, Xitoy Taypeyi va Tojikiston davlatlaridan 100 nafarga yaqin sportchilar ishtirokida Kurash bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida Osiyo kubogi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga, yoshlarni sportga keng jalb etishga, Olimpiya sport turlari bilan bir qatorda milliy sport turlarini ham rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Musobaqa yakunida erkaklar o‘rtasida 66, 73, 81, 90, +90 kilogramm, ayollar o‘rtasida 57, 70, 78, +78 kilogramm vazn toifasi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Shuningdek, jamoaviy bellashuvlarda birinchi o‘rinni O‘zbekiston, ikkinchi o‘rinni Tojikiston, uchinchi o‘rinni Turkmaniston hamda Hindiston polvonlari egalladi.
– Mazkur musobaqada qoraqalpog‘istonlik polvonlar ham munosib ishtirok etdi, – deydi xalqaro toifadagi hakam Nokisbay Daniyarov. –Jumladan, yakka bellashuvlarda erkaklar o‘rtasida Damir Ataniyazov, Zaxriddin Zaytov uchinchi, O‘tkir Urazgaliyev, Sherimbetov ikkinchi, ayollar o‘rtasida Gulzabira Tileuimbetova, Oygul Odilboyeva uchinchi, Saneoyim Erkinboyeva ikkinchi, Ozoda Medetbayeva birinchi o‘rinlarni egalladi.
O‘zbekiston jamoasi tarkibida qoraqalpog‘istonlik uch nafar sportchi, Zaxriddin Zaytov, Ozoda Medetbayeva, Larisa Torejanova ishtirok etib, g‘alabaga munosib hissa qo‘shdi.

Har bir vazn toifasida birinchi o‘rinni egallagan polvonlarga diplom hamda 700 AQSH dollari, kumush medal sohiblariga 400 AQSH dollari, bronza medali g‘oliblari 200 AQSH dollari, jamoaviy bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan birinchi o‘rin egalariga 3000 AQSH dollari, finalchilarga 2000 AQSH dollari va bronza medal egalariga 1000 AQSH dollari topshirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA