Orzulari bir olam bolalar quvonchi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg‘alar karvoni” xayriya aksiyasi farg‘onalik o‘quvchilarga quvonchli onlarni baxsh etdi. Yangi yil bayrami shukuhi kezib yurgan kunlarda o‘tkazilgan tadbir mehr va e’tiborning shodiyonasi bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg‘alar karvoni” xayriya aksiyasi farg‘onalik o‘quvchilarga quvonchli onlarni baxsh etdi. Yangi yil bayrami shukuhi kezib yurgan kunlarda o‘tkazilgan tadbir mehr va e’tiborning shodiyonasi bo‘ldi.
Farg‘ona viloyati ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatida 130 nafar va uning Qo‘qon shahar filialida 68 nafar o‘quvchilar tahsil olmoqda. Ko‘rishda nuqsoni bo‘lgan bu o‘g‘il-qizlar uchun bu yerda barcha sharoitlar yaratilgan bo‘lib, ta’lim va tarbiya sifatini oshirish doimiy e’tiborda. Ularning orasida iste’dodli yoshlar juda ko‘p. Turli tanlovlar va sport musobaqalarida doimo faol ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqda.
Maktab-internatning 10-sinf o‘quvchisi Ahadxon Kimsanboev ana shunday iqtidorli yoshlardan biri. U bolaligidan shaxmatga qiziqib, uning sir-asrorlarini astoydil o‘rgandi. Tinimsiz mehnat tufayli bugun turli musobaqalarda qatnashib, g‘oliblar safidan munosib o‘rin egallamoqda. Ahadxon shaxmat bo‘yicha besh karra O‘zbekiston chempioni hamda Xalqaro shaxmat akademiyasining shug‘ullanuvchisidir.
– Inson oldiga bitta maqsadni qo‘yib, chin yurakdan harakat qilsa, albatta erishadi, – deydi A.Kimsanboev. – Buni o‘zimning hayotimda ham ko‘rib turibman. Mag‘lubiyatlarga hech qachon taslim bo‘lmaslikka harakat qilaman. Shaxmatni o‘rgatgan ustozlarimdan minnatdorman. Yangi yil bayrami arafasidagi bu sovg‘alar esa bizlar uchun katta tuhfa bo‘ldi. Bunday e’tibor bizni yangi marralar sari ruhlantiradi.
Maktab-internat o‘quvchilari uchun bayram tadbiri tashkil etildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori K.Allamjonov, direktor o‘rinbosari S.Mirziyoeva ishtirok etdi.
Mazkur maktab-internatning o‘quvchilarga agentlikning “Ko‘ngil ko‘zi” loyihasi doirasida tashkil etilgan “Sovg‘alar karvoni” xayriya aksiyasining turli shirinliklardan iborat Yangi yil sovg‘alari va 38 turdagi Brayl alifbosida chop etilgan kitoblar, audiokitoblar, zamonaviy axborot-kommunikatsiya jihozlari, sport anjomlari, musiqa asboblari tantanali topshirildi.
O‘quvchilar uchun bayram dasturxoni va taniqli san’atkorlar ishtirokida bayram dasturi tashkil etildi. Maktab-internat o‘quvchilari tomonidan aytilgan she’rlar, ijro etilgan qo‘shiqlar bayram tadbiriga yanada shukuh ulashdi. Orzular, kelgusidagi rejalari bilan o‘rtoqlashildi. Bu uchrashuv o‘quvchilarga yanada kuch-quvvat, g‘ayrat, shijoat hamda bayram kayfiyatini baxsh etdi.