“Orzu” ilk xayriya ko‘rgazma auksioni
27-30 iyun kunlari Toshkent fotosuratlar uyida “Orzu” nomli o‘ziga xos xayriya ko‘rgazma auksioni bo‘lib o‘tadi. Tadbir Yoshlar ishlari agentligi, “Mehrli qo’llar” jamg‘armasi, AVO Bank va We Digital marketing agentligi tomonidan tashkil etiladigan Butunjahon yoshlar festivali doirasida o‘tkaziladi.
Ko‘rgazmada Sharm Studio rassomlarining sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalar taassurotlari asosida yaratilgan 20 ta surati namoyish etiladi. Loyiha bola xayollarining kuchi va har bir bolaning xohish- istaklarini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ko‘rsatishga da’vat qiladi.
Xayriya auksioni 29 iyun kuni soat 17.00 da boshlanadi. Asarlar savdosidan tushgan barcha mablag‘lar ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi bolalarning ko‘rish qobiliyatini tiklash bo‘yicha operatsiyalarni o‘tkazishga yo‘naltiriladi.
Unda ishtirok etishni istaganlar Payme, Click va Payze to‘lov tizimlari orqali pul o‘tkazib, loyihani qo‘llab-quvvatlashi mumkin.
Tashkilotchilar barchani “Orzu” ko‘rgazma auksioniga tashrif buyurishni va xayrli ish - bolalarning orzulari ushalishiga o‘z hissasini qo‘shishga taklif etadi.
Abduaziz Xidirov, O‘zA.