Ortiqcha to‘langan soliqlar qaytarildi
Toshkent viloyatidagi tadbirkorlarga joriy yilning o‘tgan davrida 522 milliard so‘m ortiqcha to‘langan soliq mablag‘lari qaytarildi.
Ma’lumki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 sentyabrdagi “Soliq to‘lovchilarni hisobga olishni yanada takomillashtirish va qo‘shilgan qiymat solig‘ining o‘rnini qoplash tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq intizomli soliq to‘lovchilarga o‘rni qoplanishi lozim bo‘lgan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasini qaytarishni tezlashtirilgan tartibda amalga oshirilishi belgilandi.
Tadbirkorlarning QQS to‘lovchisi sifatida maxsus ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibiga ko‘ra, soliq organlari tomonidan ularning faoliyati 7 kunlik muddatda avtomatlashtirilgan tizim orqali tahlildan o‘tkazilishi va soliq xavfining past, o‘rta va yuqori darajalariga ajratiladi. Shuningdek, QQS summasini hisobga olish huquqi soliq to‘lovchilarda hamda ularning kontragentlarida faol QQS guvohnomasining mavjudligi bilan belgilanmoqda.
Ta’kidlash kerakki, birgina Toshkent viloyatida faoliyat yuritayotgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarining 11 ming 671 tasi qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchilardir. Jami 161 ming 26 ta tadbirkorlik sub’ektlari ro‘yxati tahlil qilinganda ulardan 1 ming 559 tasi soliq xavfi past darajada bo‘lgan, 13 ming 476 tasi soliq xavfi o‘rta darajada va 145 ming 991 tasi soliq xavfining yuqori darajasiga tushgan soliq to‘lovchilar ekani aniqlandi.
A.Musayev, O‘zA