O‘rta Chirchiqda turizm rivojlanmoqda (+video)
O‘rta Chirchiq tumanida so‘nggi yillar turizm infratuzilmasini rivojlantirish, yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish hamda sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Bu esa tumanning iqtisodiy faolligini oshirish, aholi bandligini ta’minlash va xizmatlar sohasini rivojlantirishda muhim omil bo‘lyapti.
Tahlillarga ko‘ra, hozir tumanda sayyohlar uchun 28 ta xizmat ko‘rsatish manzillari faoliyat yuritadi. Ular 198 ta xona va 616 ta o‘ringa ega. Mazkur ob’ektlarning asosiy qismini ekoturizm va qishloq turizmi yo‘nalishidagi oilaviy mehmon uylari tashkil etadi. Shuningdek, 3 ta dam olish maskani, 3 ta xostel, mehmonxona hamda sanatoriya-pansionat sayyohlarga xizmat ko‘rsatmoqda.
Aslida O‘rta Chirchiq nafaqat tabiiy manzaralari, balki boy tarixiy-madaniy merosi bilan ham sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Tumanda davlat muhofazasiga olingan 11 ta madaniy meros ob’ekti mavjud bo‘lib, ularning 7 tasi arxeologiya yodgorliklari va 4 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi. Ayniqsa, Obod mahallasida joylashgan “Ko‘k buloq ota” ziyoratgohi hamda Oltio‘g‘il mahallasi hududidagi Toshkent dengizi sohilida joylashgan “Kindiktepa” arxeologiya yodgorligi mahalliy va xorijiy sayyohlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Tumanning turistik jozibadorligini oshirayotgan eng muhim omillardan biri bu xalq orasida “Toshkent dengizi” nomi bilan mashhur Tuyabo‘g‘iz suv omboridir. So‘nggi yillarda mazkur hududda turistlarga xizmat ko‘rsatish sezilarli darajada rivojlandi. Ayniqsa, yoz faslida cho‘milish mavsumi boshlanishi bilan suv ombori atrofi mahalliy sayyohlar eng ko‘p tashrif buyuradigan manzillardan biriga aylanmoqda. Sohil bo‘yida tashkil etilgan dam olish maskanlari, oilaviy hordiq chiqarish imkoniyatlari, baliq ovlash va ekoturizm xizmatlarining kengayib borayotgani turistlar oqimining yil sayin ortishiga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda “Toshkent dengizi” nafaqat dam olish joyi, balki O‘rta Chirchiq tumanining o‘ziga xos turistik brendi sifatida shakllanib bormoqda. Bu yerga tashrif buyuruvchilar sonining ko‘payishi xizmat ko‘rsatish sohasi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojiga ham turtki bermoqda.
Tuman turizm sohasidagi o‘sish sur’atlari investitsiya loyihalari misolida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Joriy yilda Burgalik mahallasidagi “GOLDEN FISH” MCHJ tomonidan qiymati 32 milliard so‘mlik zamonaviy dam olish maskani ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Shuningdek, Oltio‘g‘il mahallasida “TEXTILE MILL TASHKENT” hamda “ZELAL TEXTILE” korxonalari tomonidan har biri 25 milliard so‘mlik dam olish maskanlari barpo etilmoqda. Bundan tashqari, “Tashvegas” MCHJ tomonidan mehmonxona, ekstremal turizm va baliq ovini qamrab olgan zamonaviy turistik majmua loyihasi amalga oshirilmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar hududda turistik infratuzilmani yanada yaxshilash, yangi ish o‘rinlari yaratish, xizmatlar turini kengaytirish va sayyohlar uchun yanada qulay muhit shakllantirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilning birinchi choragida tumanga 12 ming 284 nafar xorijiy va 50 ming 491 nafar mahalliy sayyoh tashrif buyurgan. Mahalliy turistlar bo‘yicha belgilangan reja 115 foizga bajarilgan. Shu davrda turizm xizmatlari eksporti 900 ming AQSH dollariga yetkazildi.
Shuningdek, oxirgi yillarda turistlar oqimi izchil oshib borayotgani ham e’tiborga molik. Xususan, 2023-yilda tumanga 41 ming nafar mahalliy va 13 ming nafar xorijiy sayyoh kelgan bo‘lsa, 2024-yilda bu ko‘rsatkich mos ravishda 42,1 ming va 24,5 ming nafarga yetgan. 2025-yilda esa mahalliy turistlar soni 46,3 ming nafarni, xorijiy turistlar esa 36,8 ming nafarni tashkil etgan. Bu raqamlar O‘rta Chirchiqning turistik salohiyati yildan-yilga yuksalib borayotganini ko‘rsatadi. E’tiborlisi, bu yil birgina aprel oyining o‘zida tumanga 815 nafar xorijiy, 15 ming 302 nafar mahalliy sayyoh hamda 5 ming 521 nafar ichki turizm ishtirokchisi kelgan. Bu esa turizm sohasi iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylanib borayotganini, xizmatlar bozori rivoji va aholi daromadlarining oshishiga munosib hissa qo‘shayotganini ko‘rsatadi.
[gallery-30100]
Umuman olganda, tarixiy meros ob’ektlari, tabiiy resurslar, “Toshkent dengizi” kabi yirik turistik manzillar hamda amalga oshirilayotgan yangi investitsiya loyihalari O‘rta Chirchiq tumanini Toshkent viloyatining eng istiqbolli turizm hududlaridan biriga aylantirmoqda. Bu esa kelgusida hudud iqtisodiyotining yanada o‘sishi, yangi ish o‘rinlari yaratilishi va turistik xizmatlar eksporti hajmining ortishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
A.Musayev, A.Alijonov (surat, video), O‘zA muxbirlari