Oromgohlar bolajonlarni chorlamoqda
Yozgi ta’til boshlanishi bilan ota-onalarda “Farzandimni qaysi oromgohga bersam ekan, qaysi dam olish maskanida bolam yayrab yurarkan, oromgoh yo‘llanmasining narx-navosi qancha ekan”, degan savollar paydo bo‘ladi.
Prezidentimizning 2022 yil 18 noyabrdagi “Bolalarning dam olishlarini tizimli tashkil etish va sog‘lomlashtirish ishlarini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Namangan viloyatida joriy yil yozgi sog‘lomlashtirish mavsumida shahar tashqarisidagi sakkizta oromgohda 5 ming 720 nafar, shuningdek, hududlardagi umumta’lim maktablari qoshida 67 ta kunduzgi sog‘lomlashtirish maydonchasida esa 10 mingdan ziyod bolalar dam olishi rejalashtirilgan.

Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Kosonsoy va Chust tumanlaridagi oromgohlarda bo‘lib, ushbu maskanlarda amalga oshirilayotgan ishlar, bolajonlar uchun yaratilgan sharoitlar, oromgohning holati bilan tanishdi. Mas’ullarga ayrim kamchiliklarni tezkor bartaraf etish bo‘yicha tavsiya va topshiriqlar berildi.

Kosonsoy tumanidagi 160 o‘ringa mo‘ljallangan “Sohil” va “Olmazor” oromgohlarida ta’til davomida 1 ming 120 nafar bola hordiq chiqarishi mumkin. Bu yerda bolajonlarning mazmunli dam olishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, Chust tumanining so‘lim va bahavo manzilida joylashgan “Mehrjon” va “Obi hayot” oromgohlari ham 1080 nafardan ortiq bolani o‘z bag‘riga olishi rejalashtirilgan. 270 o‘ringa mo‘ljallangan mazkur ikki maskan hududlarida mevali va manzarali daraxtlar ekilib, xonalar qattiq va yumshoq mebellar bilan jihozlangan. Yotoqxona, oshxona binolarining tashqi tomoni, sport maydonchasi va oromgohga kirish qismida ham ta’mirlash va bo‘yash ishlari bajarilgan.
– Bolalarning ta’til kunlarini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Bolalarning dam olishi va sog‘lomlashtirilishini tashkil etish departamenti Namangan viloyati boshqarmasi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov. – Viloyatda O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining 2023 yil 13 apreldagi qaroriga asosan Pop tumanidagi “Oftobcha” bolalar oromgohida qurilish kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Bugungi kunda 6 milliard so‘mlik hajmdagi bunyodkorlik yumushlari bajarildi.

Uychi tumanidagi “Umid nihollari” bolalar sog‘lomlashtirish oromgohi 200 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, mavsum davomida 800 bolani qamrab oladi.
Mavsum davomida hududlarda intellektual rivojlantirish, ekologik-biologik va o‘lkashunoslik, texnik ijodkorlik, ijtimoiy moslashuv, tarbiya va sport-sog‘lomlashtirish, badiiy ijodiyot yo‘nalishlariga e’tibor bergan holda bolalarni dam olishlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Xususan, oromgohlarga 23 mingdan ortiq kitob fondiga ega bo‘lgan kutubxonalar va tajribali kutubxonachilar biriktirildi.

Davlatimiz rahbarining 2024 yil 29 martdagi videoselektorida berilgan topshiriqlar ijrosidan kelib chiqib viloyat hududida joylashgan bolalar sog‘lomlashtirish oromgohlari hududlari begona o‘tlar va chiqindilardan tozalandi, ekin maydonlari tartibga keltirilib, ko‘chalar, ariq-zovurlar tozalanib, daraxtlar oqlandi. 973 tup mevali, 1 ming 542 tup manzarali nihol, 6 ming 450 tup gul va rayhon ko‘chatlari va 10 ming tup terak qalamchalari o‘tqazildi.
Jumladan, Yangiqo‘rg‘ondagi “Nanay” oromgohida o‘tkazilgan amaliy seminar ham aynan viloyatdagi mavjud oromgohlardagi tayyorgarlik jarayonlari, mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish masalalariga bag‘ishlandi. Unda viloyat kasaba uyushmalari kengashi vakillari, sohaga daxldor mas’ul rahbarlar, oromgoh direktorlari, tarbiyachi va yetakchilar ishtirok etdi.
Departament tomonidan oromgohlarning 12 kunlik namunaviy dasturi ishlab chiqilgan. Namangan viloyatidagi oromgohlarda dam oldirish va sog‘lomlashtirish mavsumining birinchi navbatiga qabullar shu yilning 7 iyunidan boshlanadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.