Orolbo‘yida sport mutaxassislarini tayyorlash maskani
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 13-noyabrdagi qarori asosida jismoniy tarbiya va sportni keng ommalashtirish, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur sharoit yaratish, xalqaro sport musobaqalarida munosib ishtirok etadigan yoshlarni tayyorlash maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Nukus filiali tashkil etilgan.
Filial ochilgan yili bu yerda faqat kunduzgi bo‘limga yetti mutaxassislikka 50 nafar talaba qabul qilingan bo‘lsa, bugungi kunda kunduzgi, sirtqi ta’lim yo‘nalishlarida 30 mutaxassislikda 1 ming 576 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular orasida 52 nafar terma jamoa a’zosi, 34 nafar xalqaro toifadagi sport ustasi, 97 nafar O‘zbekiston sport ustasi, 258 nafar sport ustaligiga nomzod va 366 nafar sport razryadiga ega talaba bor.

Filial bitiruvchilari Zaynab Dayibekova va Shahzoda Ibragimova Parij-2024 yozgi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekiston Respublikasi terma jamoasi tarkibida ishtirok etdi. Eng quvonarlisi Zaynab Dayibekova O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining bayroqdori bo‘ldi.

Shuningdek, Madiyar Daniyarov 2025-yilning 1-5-aprel kunlari Braziliya davlatida boks bo‘yicha Jahon kubogida -60 kilogramm vaznda bronza medali va 2025-yil Saudiya Arabistonining Ar-riyod shahrida o‘tkazilayotgan VI Islom birdamlik o‘yinlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari Lazzat To‘lepbergenova, Mohira Ahmedova, Oybek Qaypanov, Nurila Abdualiyeva, Shahzoda Azatova, Shahzoda Allaniyazova, Sherzod Nurillayev, Komila Boltayeva, Samira Ahmedova, Azada Baltabaeva, Doniyor Tenelbayev, Sanjar Sarsenbayev, Aynur Qalmuxanova, Raxat Joldasbayev, Sarbinaz Saparbayeva, Dilfuza Ibraimova, Gulzada Turganbayeva xalqaro sport musobaqalarida faol ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Respublikaning chekka hududlarida badiiy gimnastika sportini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali tashabbusi bilan Nukus tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabida “Sh.Ibragimova sport mahorati to‘garagi” tashkil etildi va zarur inventarlar bilan ta’minlandi. Filialning badiiy gimnastika mutaxassisligi professor-o‘qituvchilari va talaba-qizlari tomonidan mahorat to‘garagida shug‘ullanayotgan badiiy gimnastikachi qizlarga mahorat darslari muntazam ravishda o‘tkazib kelinmoqda.

Filialda talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida intellektual o‘yinlar va sport musobaqalari, xususan “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi” hamda “Direktor kubogi” musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Bugungi kunda 88 nafar professor-o‘qituvchi talabalarga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Jami ilmiy daraja va unvonlarga ega professor-o‘qituvchilar soni 39 nafar, ulardan 3 nafari fan doktori (DSc), 19 nafari fan nomzodi va falsafa doktori (PhD), shundan 5 nafari professor, 25 nafari dotsent bo‘lib, ilmiy salohiyat 44,3 foizni tashkil etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2025/2026 o‘quv yilida 5 nafar talaba davlat stipendiyalari tanlovi g‘olibi deb topildi. Xususan, “Velosport” yo‘nalishi 4-kurs talabasi D.Akmanova Prezident stipendiyasi, “Badiiy gimnastika” yo‘nalishi 4-kurs talabasi N.Baxauatdinova Ibroyim Yusupov nomidagi davlat stipendiyasi, “Qo‘l to‘pi” yo‘nalishi 4-kurs talabasi A.Daryabayeva Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi, “Badiiy gimnastika” yo‘nalishi 3-kurs talabasi M.Xojambergenova To‘lepbergen Qayipbergenov nomidagi davlat stipendiyasi va “Badiiy gimnastika” yo‘nalishi 3-kurs talabasi A.Paraxatova Pahlavon Mahmud nomidagi davlat stipendiyasi g‘oliblari bo‘ldi.
– Prezidentimiz raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini yangi bosqichga olib chiqish, aholini ommaviy sportga keng jalb etish, seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalari yuzasidan joriy yil aprel oyida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida 207 ta oliygoh rektorlariga Termiz davlat universitetining tajribasini o‘rgatish va sport bo‘yicha bir yillik reja ishlab chiqish topshirilgan edi. Bu bo‘yicha oliy o‘quv yurtimizda chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Jumladan, “Orol” sport klubi tashkil etilib, unda 903 nafar talaba 20 sport turi bo‘yicha qamrab olingan, – deydi O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali direktori, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor Bayrambay Yerimbetov.
Hozirgi kunda filialning 15 nafar talabasi voleybol, gandbol, stol tennisi, akademik eshkak eshish, yunon-rum kurashi, parabadminton, parapauerlifting sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy terma jamoasi a’zolari hisoblanadi.
Hozirda talabalar gandbol, eshkak eshish, voleybol, badiiy gimnastika, boks, parapauerlifting, parabadminton sport turlari bo‘yicha 2028-yil AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritishga harakat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.