Orolbo‘yida qishloq ayollari taqdirlandi
Nukusda “Xalqaro qishloq ayollari” kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda Orolbo‘yining qishloqlarida turli sohalarda fidokorona mehnat qilayotgan ayollar ishtirok etdi.
Tadbirda bugungi kunda qishloq hududlarida istiqomat qiluvchi ayollarning muammolarini bartaraf etish, ularning farovon turmush kechirishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida so‘z bordi. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda ularning munosib hissasi bor ekanligi qayd etildi.
[gallery-9160]
Ta’kidlanganidek, BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan ayollarning muammolariga keng jamoatchilik e’tiborini qaratish, ularning ahvoli, turmush sharoitlarini yaxshilash maqsadida maxsus rezolyutsiya qabul qilinib, unga ko‘ra 15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni, deb belgilangan. Bu kun mamlakatimizda keng nishonlab kelinmoqda.
Tadbirda bir guruh qishloq ayollariga sovg‘alar topshirildi.
San’at ustalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA