“Orol muammosi – olam muammosi”
Avval xabar qilinganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasida “Orolbo‘yi mintaqasi ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylanadi” mavzusida ochiq muloqot va jurnalistlar uchun media-tur tashkil etildi.
O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi tomonidan Tashqi ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda Nukus shahrida tashkil etilgan ochiq muloqotda mintaqadagi o‘zgarishlar, mavjud muammolarni hal etishda xalqaro hamkorlikni kuchaytirish singari masalalar xususida so‘z yuritildi.
Ta’kidlash zarurki, o‘tgan 4 yil ichida Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan aniq maqsad va vazifalarni o‘zida jamlagan farmon va qarorlar, tasdiqlangan dasturlar va ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida Qoraqalpog‘iston Respublikasida katta yutuqlarga erishildi.
Hukumatimiz tomonidan Orol dengizining qurigan tubida 1 million 600 ming gektardan ortiq maydonda cho‘l o‘simliklari ekilib, yashil qoplamalar barpo etilmoqda.

Ma’lumki, joriy yil 18 may kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 75-sessiyasining yalpi majlisida Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududiga aylantirish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilingan edi. Ushbu hujjatda Orolbo‘yi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash, aholi farovonligini oshirish, mintaqadagi ekologik inqiroz oqibatlarini bartaraf etish, vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni faollashtirish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Orolbo‘yi mintaqasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi” deb e’lon qilindi. Mazkur masala yuzasidan “Ochiq muloqot”da onlayn tarzda ishtirok etgan xalqaro tashkilotlar vakillari ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Avvalambor o‘zbekistonlik hamkasblarimizni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Orolbo‘yining ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb e’lon qilingani munosabati bilan samimiy qutlayman, – dedi Xalqaro Orolni qutqarish fondi ijroiya qo‘mitasi raisi Sulton Rahimzoda. – Albatta, Orolbo‘yining xalqaro ahamiyatga molik hudud sifatida e’tirof etilishi mintaqadagi mavjud ekologik, iqtisodiy va ijtimoiy muammolarni hal qilishda katta o‘rin tutadi. Ayni paytda Orol fojiasi, dengizning tobora yo‘qolib borayotgani bu yerda istiqomat qilayotgan millionlab insonlar hayotiga ta’sir o‘tkazmoqda. Bu masala xalqaro miqyosdagi muammo sifatida tan olindi. Albatta, Orolbo‘yi aholisi hamma qatori farovon, tinch va bekamu ko‘st yashashga haqli. Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, mintaqa davlatlari kuch va imkoniyatlarini birlashtirishga xizmat qiladi. Umid qilamizki, BMT institutlari va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonidan innovatsion loyihalar qabul qilib mavjud muammolar yechimida munosib hissa qo‘shadilar.

– Orolbo‘yi mintaqasida yuzaga kelgan ekologik tanglik shubhasiz insoniyatning yangi tarixidagi eng mushkul muammolardan biri bo‘lib qolmoqda, – deydi BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi atrof-muhit muhofazasi bo‘limi direktori Marko Kayner. – Orol dengizining qurishi uzoq davom etdi. Bu musibat, o‘z navbatida, sobiq ittifoq davrida suv resurslaridan johilona foydalanish oqibatida yuzaga keldi. Albatta, iqlim o‘zgarishlari butun sayyoramizni o‘z izmiga olmoqda. Orol dengizining qurishi, Amazoniya o‘rmonlarining qisqarishi – bularning bari insoniyat uchun katta yo‘qotish. Shu bois, ekologik tiklanish jarayoni ham juda qiyin va uzoq davom etadi. BMTning maxsus rezolyutsiyasi ham mintaqa hayotiga qaratilgan yuksak xalqaro e’tibor namunasi bo‘ldi. Ekologik innovatsiya va texnologiyalar nima o‘zi? Birinchidan, bu aholining elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini shamol, quyosh singari manbalar hisobidan qoplash degani. Jahon banki mintaqada quyosh energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirmoqchi. Saudiya Arabistoni kompaniyalaridan biri bu yerda shamol energiyasi korxonasini qurmoqchi. Bu borada bir qator xalqaro hujjatlar ham qabul qilinmoqda. Masalan, 2020 yilda BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi O‘zbekistondagi ekologik chora-tadbilar samaradorligi bo‘yicha bayonotini e’lon qildi. 90 ga yaqin tavsiyalarni o‘z ichiga olgan bu hujjatda atrof-muhit musaffoligini asrash, havoning transchegaraviy miqyosda ifloslanishining oldini olish bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab berilgan. Bu borada milliy qonunchilikni ham yangi tartib-qoidalarga moslashtirish talab etiladi.

– Har gal O‘zbekistonga kelganimda bu yerda yangidan-yangi o‘zgarishlarga guvoh bo‘laman, – dedi anjuman ishtirokchilaridan biri, Avstriyaning Mueller&Shindler nashriyot uyi vitse-prezidenti Aleksandr Vilgelm. – Bu so‘nggi yillarda O‘zbekistonda, jumladan, Orolbo‘yi mintaqasida yuz berayotgan islohotlar haqida “Yangi O‘zbekiston” kitob-albomini chop etishni rejalashtirganmiz. Mazkur kitob mamlakatingiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida chop etilishi kutilmoqda.