O‘rmonchilik sohasi fidoyilari e’tirof etildi
Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetida “Xalqaro o‘rmonlar kuni” munosabati bilan o‘rmonlar va o‘rmon xo‘jaligiga bag‘ishlangan xalqaro forum tashkil etildi.
Forumni ekologiya vaziri A.Abduhakimov kirish so‘zi bilan ochib, mamlakatimizda o‘rmonzorlar barpo etish, yashillik darajasini oshirish borasida sohada amalga oshirilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, o‘rmon hududlarini kengaytirish va ularni qayta tiklash hozirgi kunda har qachongidan ham muhim ekanini ta’kidladi. Vazir o‘rmon xo‘jaligi sohasida mehnat qilib kelayotgan xodimlarni ushbu sana bilan samimiy tabrikladi.
Tadbirda O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Erkin Muhitdinov so‘zga chiqib, o‘rmon xo‘jaliklarida amalga oshirilayotgan ishlar, cho‘llanishning oldini olish, himoya o‘rmonzorlari barpo etishda o‘rmonchi xodimlar ko‘rsatayotgan xizmatlar katta ekanini qayd etdi. Shundan so‘ng sohada uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan bir guruh xodimlar “O‘rmon fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Ta’kidlash joizki, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi O‘rmon xo‘jaligi agentligi tomonidan o‘tgan yilda mamlakatimizda o‘rmonlar hududini kengaytirish, yashillik darajasini oshirish, iqlim o‘zgarishlari muammolariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish hamda cho‘llanishning oldini olish maqsadida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilgan. Joriy yilda ham bu sa’y-harakatlar belgilangan rejaga asosan tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.
Zoom platformasi orqali davom etgan muzokaralarda Rossiya Federatsiyasi O‘rmon xo‘jaligi agentligi direktori Ivan Sovetnikov hamkorlik loyihalari haqida so‘z yuritdi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, bugunga qadar respublikaning cho‘l, tog‘oldi hududlarida eroziya va yerlar degradatsiyaga uchrashining oldini olishga qaratilgan 2 ming 500 gektar maydonda himoya o‘rmonzorlari barpo etilgan. 134 ta shahar va tumanda 347 gektar maydonda “yashil bog‘lar” yaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA