“oriGIn Uzbekistan” nodavlat notijorat muassasasi tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Geografik ko‘rsatkichlarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti, Savdo-sanoat palatasi va “Hunarmand” uyushmasi muassisligida “oriGIn Uzbekistan” nodavlat notijorat muassasasi tashkil etiladi.
Uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
tadbirkorlik sub’ektlariga geografik ko‘rsatkichlarni aniqlash hamda ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda bepul huquqiy va uslubiy yordam ko‘rsatish;
aholining geografik ko‘rsatkichlar haqidagi xabardorligini oshirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini amalga oshirish;
milliy geografik ko‘rsatkichlarni xorijiy mamlakatlarda targ‘ib qilish choralarini ko‘rish;
geografik ko‘rsatkichlarni rivojlantirish va huquqiy muhofazasini ta’minlash holatini tahlil qilish, tahlil natijalariga ko‘ra amaldagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
tadbirkorlik sub’ektlariga geografik ko‘rsatkichlardan foydalanish bo‘yicha birlashmalar tuzishga ko‘maklashish;
tadbirkorlik sub’ektlariga geografik ko‘rsatkichlarni tijoratlashtirishga ko‘maklashish.
Quyidagilar “oriGIn Uzbekistan” muassasasi faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:
muassislar tomonidan ajratiladigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
xalqaro institutlar va xorijiy nohukumat tashkilotlarining mablag‘lari;
ijtimoiy sheriklik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq davlat ijtimoiy buyurtmasi doirasida davlat organlari va tashkilotlarining, jumladan Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuziladigan shartnoma asosida ajratiladigan mablag‘lar;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
“oriGIn Uzbekistan” muassasasini bino, kompyuter texnikasi va boshqa zarur jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek, muassasani “oriGIn” xalqaro geografik ko‘rsatkichlar tarmog‘i tashkilotiga a’zo bo‘lishini ta’minlash bilan bog‘liq xarajatlar byudjetdan tashqari Adliya organlari va muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hamda Adliya vazirligining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan;
“oriGIn Uzbekistan” muassasasi joylashgan binolarni saqlash (kommunal xizmatlar, joriy ta’mirlash va boshqalar) bilan bog‘liq xarajatlar muassislar tomonidan ajratiladigan mablag‘lar va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Ma’lumot o‘rnida, oldinroq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Intellektual faoliyat natijalarini rag‘batlantirish hamda sohaga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025-yil 27-noyabrdagi PQ-358-son qaroriga muvofiq:
asosiy maqsadi geografik ko‘rsatkichlarni rivojlantirish, ularni targ‘ib qilish, jumladan xorijiy davlatlarda targ‘ib qilish, tijoratlashtirish ishlarida tadbirkorlik sub’ektlariga va hunarmandlarga huquqiy hamda uslubiy yordam ko‘rsatish hisoblanadigan “oriGIn Uzbekistan” muassasa shaklidagi nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish;
har yili geografik ko‘rsatkichlar festivallarini o‘tkazib borish belgilangan edi.
O‘zA