O‘quvchilarga bayram tuhfasi
Navro‘z bayrami kunlari Uchko‘prik tumanidagi “To‘qsonqovun” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 35-umumta’lim maktabi uchun 3 qavatli, 420 o‘ringa mo‘ljallangan yangi o‘quv binosi foydalanishga topshirildi.
Ushbu loyiha davlat investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilgan bo‘lib, unga 7 milliard 200 million so‘m mablag‘ yo‘naltirildi. Shu bilan birga, maktabning mavjud 340 o‘rinli binosida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilib, ta’lim muassasasi zamonaviy qiyofa kasb etdi.


Maktab hududida barpo etilgan yangi mini stadion ham o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.
Shuningdek, “Yakkamulla” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan mazkur maktabning yana bir yangi barcha qulaylikka ega bo‘lgan binosi o‘quvchilarga sovg‘a qilindi. Bu avvalo ota-ona, hudud aholisi uchun yana bir quvonchli voqeaga aylandi. Chunki 1965-yilda qurilgan, 90 o‘ringa mo‘ljallangan eski bino foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelib qolgan edi. Shu bois, investitsiya dasturi asosida 120 o‘rinli zamonaviy bino qurib bitkazildi.


Bundan tashqari, “Bog‘ibo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 3 ta 7 qavatli yangi turarjoy majmualari ham foydalanishga topshirildi. Natijada 168 ta oila Navro‘z bayramini yangi uylarda kutib olish baxtiga musharraf bo‘ldi.
Muhammadjon Obidov, O‘zA