O‘quvchi-yoshlar kasb-hunar o‘rganmoqda
Mamlakatimizda keyingi yillarda kasb-hunar ta’limi sohasidagi davlat siyosati tubdan o‘zgardi. Sohada tub islohotlarni amalga oshirish va zamonaviy professional ta’lim tizimini barpo etish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2019 yil 6 sentyabrda “Professional ta’lim tizimini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur farmon mamlakatimiz tarixida yangi professional ta’lim tizimini tashkil etishga asos bo‘lib, kasb-hunar kollejlari negizida kasb-hunar maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanida ham joriy o‘quv yilidan boshlab 2 ta kasb-hunar maktabi tashkil etildi.
[gallery-1030]
Tumanning Qipchoq ovulidagi 1-kasb-hunar maktabida 9-sinfni tamomlagan 122 nafar o‘quvchi 4 ta mutaxassislik bo‘yicha ta’lim olmoqda. Ular avtomobillarni ta’mirlash chilangari, elektrogaz payvandchi, tikuvchilik, asalarichilik sir-asrorlarini puxta o‘rganmoqda.
Yoshlarning darsdan tashqari bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish maqsadida umumta’lim fanlaridan 9 ta, maxsus fanlardan 4 ta dars to‘garaklari tashkil etilgan. Shuningdek, 5 ta muhim tashabbus doirasida ham to‘garak mashg‘ulotlari faoliyat olib bormoqda.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA