O‘quv-treninglari tashkil etildi
Azaldan Sharqning durdonasi, buyuk Ipak yo‘lining yuragi sifatida e’tirof etilgan Buxoro nafaqat betakror tarixiy obidalari, balki mehmondo‘stligi, milliy qadriyatlari va yuksak xizmat ko‘rsatish madaniyati bilan ham dunyo sayyohlarini o‘ziga rom etib kelmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan islohotlar Buxoro viloyatida ham izchil davom etmoqda. Bu esa mehmonlarga taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini xalqaro talablar darajasiga olib chiqishni taqozo etmoqda.
Ana shu ezgu maqsad yo‘lida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi tashabbusi bilan Buxoro viloyatida mehmonxona va boshqa joylashtirish vositalari xodimlari uchun “Front Office” hamda “Housekeeping” yo‘nalishlari bo‘yicha malaka oshirish o‘quv-treninglari tashkil etildi.
Mazkur o‘quv dasturi mehmondo‘stlik industriyasida xalqaro xizmat ko‘rsatish standartlarini keng joriy etish, soha xodimlarining kasbiy mahorati va zamonaviy bilimlarini mustahkamlash, mehmonlar ehtiyojini chuqur anglagan holda yuqori saviyada xizmat ko‘rsatish madaniyatini shakllantirishga qaratildi.
Treninglarda mehmonxona rahbarlari, administratorlar, resepshen xodimlari, Housekeeping xizmati mutaxassislari hamda joylashtirish vositalarining boshqa vakillari faol ishtirok etishib, mehmonlarni kutib olish, ular bilan muloqot madaniyati, servis sifati, xonadonlarni tayyorlash va sanitariya talablariga rioya qilish, mehmonlar mamnunligini oshirish bo‘yicha xalqaro tajribalar bilan tanishishdi.

Mutaxassislar tomonidan amaliy mashg‘ulotlar, hayotiy misollar va interaktiv usullar orqali xizmat ko‘rsatish sohasidagi eng ilg‘or yondashuvlar ishtirokchilarga yetkazildi. Bu esa mehmonxona xodimlarining kasbiy salohiyatini yanada oshirish bilan birga, har bir mehmonda Buxoro haqida unutilmas taassurot qoldirishga xizmat qiladi.
Bugun jahon sayyohlari nafaqat tarixiy obidalarni tomosha qilish, balki o‘zlariga ko‘rsatiladigan xizmat sifatiga ham katta e’tibor qaratadi. Shu nuqtai nazardan, Buxoroda o‘tkazilayotgan bunday o‘quv-treninglar turizm infratuzilmasini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish, xizmat ko‘rsatish madaniyatini yuksaltirish va xalqaro mehmondo‘stlik standartlarini amaliyotga keng tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Eng muhimi, bu kabi tashabbuslar Buxoroning jahon turizm xaritasidagi nufuzini yanada mustahkamlab, uning mehmondo‘st, zamonaviy va yuqori servisga ega turistik maskan sifatidagi mavqeini yuksaltirishga xizmat qiladi. Zero, Buxoroga tashrif buyurgan har bir mehmon bu yerdan nafaqat tarix nafasini, balki samimiy mehr, yuksak e’tibor va haqiqiy o‘zbek mehmondo‘stligini his qilib qaytishi eng katta yutuqdir.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri