O‘quv- seminar
Guliston shahridagi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasida suv xo‘jaligi tizimida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar uchun “Suv xo‘jaligida xotin-qizlar yetakchiligi” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi hamda Shveysariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi hamkorligida o‘tkazilgan mazkur tadbirda sohada gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning boshqaruv jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirish, shuningdek, ularning yetakchilik va tashkiliy salohiyatini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Seminar davomida ishtirokchilarga suv resurslarini samarali boshqarishning zamonaviy yondashuvlari, strategik menejment, jamoada qaror qabul qilish mexanizmlari hamda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan nazariy va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shu orqali ularning sohadagi bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi yondashuvlar muhokama qilindi.

O‘quv jarayonining yana bir e’tiborli jihati shunda bo‘ldiki, mashg‘ulotlar oflayn formatda tashkil etildi va ayni vaqtda Toshkent shahridagi markaziy studiya bilan onlayn tarzda bog‘langan holda olib borildi. Bu esa mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar uchun yagona platformada muloqot qilish, fikr almashish va tajriba o‘rtoqlashish imkonini yaratdi.
Tadbir interaktiv usulda tashkil etilib, ishtirokchilar guruhlarga bo‘lingan holda yetakchilik, samarali muloqot madaniyati, jamoada ishlash va boshqaruvda uchraydigan dolzarb muammolar yuzasidan fikr almashdilar. Shu bilan birga, ular o‘z amaliyotida qo‘llash mumkin bo‘lgan taklif va tashabbuslarni ham ilgari surishdi.
– Bu kabi o‘quv-seminarlar suv xo‘jaligi tizimida xotin-qizlarning rolini yanada mustahkamlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda boshqaruv jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladi, – deydi Quyi Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi bosh mutaxassisi Saida Karimova.
G‘ulom Primov, O‘zA