O‘qituvchining qo‘shimcha ustamasi sud orqali undirildi
Namanganlik o‘qituvchi Abrorjon Qudratov Surxondaryo viloyatining Uzun tumanidagi chekka qishloqlardan biriga kelib, o‘quvchilarga ta’lim berdi.
Mamlakatimizda oilasi va tug‘ilib o‘sgan hududidan olisdagi maktablarda o‘quvchilarga dars o‘tgan fidoyi pedagoglarga qo‘shimcha ustama haqi to‘lab berish belgilangan. Biroq unga qo‘shimcha ustama to‘lanmadi.
Bu masala Fuqarolik ishlari bo‘yicha Sariosiyo tumanlararo sudida ko‘rib chiqilib, o‘qituvchi foydasiga 16 million 336 ming so‘m undirib berish belgilandi. Majburiy ijro byurosi Uzun tuman bo‘limi ish yurituviga ijro hujjati qabul qilinib, ijro harakatlariga kirishildi. Qarzdor muassasa rahbari ogohlantirilib, hisob raqamlariga inkasso topshiriqnomasi yuborildi.
Olib borilgan tezkor majburiy ijro harakatlari chog‘ida namanganlik o‘qituvchi foydasiga to‘lanmay qolgan mablag‘ undirib berilib, ijro hujjatlari belgilangan tartibda tamomlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri