O‘qituvchining mehnat huquqi tiklandi
Sirdaryo tumanida homilador o‘qituvchining mehnat huquqi adliya organlari aralashuvi bilan tiklandi.
Ma’lum bo‘lishicha, Sirdaryo tumanidagi 2-umumta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan B. Xolmurodova bilan tuzilgan muddatli mehnat shartnomasi uning amal qilish muddati tugagani vaji bilan maktab direktori buyrug‘i asosida bekor qilingan.
Biroq xodima mehnat shartnomasi bekor qilinishidan avval homilador ekani haqida ish beruvchini xabardor qilgan hamda bu holatni tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnomani ham taqdim etgan.
Fuqaroning murojaati asosida Sirdaryo tuman adliya bo‘limi mutaxassislari tomonidan holat huquqiy jihatdan o‘rganildi. O‘rganish davomida mehnat qonunchiligi talablariga to‘liq rioya etilmagani aniqlandi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 408-moddasiga muvofiq, ayolning homiladorligi davrida muddatli mehnat shartnomasining amal qilish muddati tugagan taqdirda, uning yozma arizasi va homiladorligini tasdiqlovchi tibbiy ma’lumotnoma taqdim etilsa, ish beruvchi mehnat shartnomasini homiladorlik tugaguniga qadar, homiladorlik va tug‘ish ta’tili berilgan hollarda esa ushbu ta’til yakuniga qadar uzaytirishi shart.
Aniqlangan qonunbuzilish holati yuzasidan tuman adliya bo‘limi tomonidan maktab ma’muriyatiga qonun buzilishini bartaraf etish haqida taqdimnoma kiritildi.
Ko‘rilgan huquqiy choralar natijasida B. Xolmurodova bilan tuzilgan mehnat shartnomasi qayta tiklanib, uning mehnat huquqlari to‘liq ta’minlandi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mehnat qonunchiligida homilador ayollarning mehnat huquqlari alohida muhofaza qilinadi. Shu bois ish beruvchilar mehnat munosabatlarida qonun talablariga qat’iy rioya etishi, fuqarolar esa huquqlari buzilgan hollarda adliya organlariga murojaat qilishi mumkin.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri