O‘qituvchilar uchun qisqa kurslar ochildi
Samarqand viloyati xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazida viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda pedagog xodimlar uchun uzluksiz metodik yordam ko‘rsatish sifatini oshirish, hayot davomida o‘qish (Lifelong learning) tamoyillarini amaliyotga keng joriy etish maqsadida 19 ta manzilli sayyor qisqa muddatli kurslar tashkil etildi. 18 soatlik mazkur kurslarga 570 nafar tinglovchi qatnashmoqda.
– 2021/2022-o‘quv yili boshidan buyon pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy mahoratini oshirish, xalqaro baholash tadqiqotlariga tayyorlash va kasbiy ehtiyojlariga mos ravishdagi 18 ta qisqa muddatli o‘quv kurslari tashkil etililib 618 nafar tinglovchi o‘qitildi, – hududiy markaz direktori A.Ibragimov. – Shuningdek, maktablar o‘qituvchilariga doimiy ravishda ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish maqsadida markazimiz professor-o‘qituvchilari tomonidan 33 ta telegram kanal va guruhlar tashkil etilib, 13 ming nafardan ortiq tinglovchi qamrab olingan. Umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘tiladigan fanlar kesimida ham pedagog xodimlarga metod kunlarida uslubiy amaliy yordam ko‘rsatishning onlayn o‘quv modullari ishlab chiqildi. Ushbu masofaviy mashg‘ulotlar 2022 yildan boshlab 19 fan yo‘nalishi bo‘yicha markazning mahoratli professor-o‘qituvchilari tomonidan reja asosida amalga oshirilmoqda. O‘quv kurslari pedagog xodimlarning toifasiga ko‘ra variativ rejalar asosida tashkil etiladi.
Pedagog xodimlarni toifa attestatsiyasiga tayyorlash uchun fanlar kesimida 12 mingta testlar banki yaratilib, foydalanish uchun markaz saytiga joylashtirildi.
G‘.HASANOV, O‘zA